AsosiyJamiyat

"245 nafar shaxs, jumladan 38 nafar organ xodimi jarohatlandi". Nukusdagi ommaviy tartibsizliklar tafsilotlari ma`lum qilindi

'"245 nafar shaxs, jumladan 38 nafar organ xodimi jarohatlandi". Nukusdagi ommaviy tartibsizliklar tafsilotlari ma`lum qilindi'ning rasmi

AOKAda Bosh prokuratura tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi hududida joriy etilgan favqulodda holat davrida qonuniylikni ta`minlash bo`yicha ko`rilgan chora-tadbirlar yuzasidan brifing bo`lib o`tdi. 

Ma`lum qilinishicha, Nukusda sodir bo`lgan namoyishlar yuzasidan qonun ustuvorligi va jazo muqararligini ta`minlash maqsadida 2 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159 - moddasi 4 - qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Jinoyat ishi yuzasidan tergov hamda tezkor - qidiruv tadbirlari Bosh prokuratura rahbarligida tuzilgan DXX, Bosh prokuratura, IIV, Milliy Gvardiya mas`ul xodimlaridan iborat tergov - tezkor guruhi tomonidan olib borilmoqda.

Tezkor - tergov guruhi faoliyati hamda tergov, tezkor - qidiruv tadbirlari idoralararo tuzilgan alohida Shtab tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda.

Tergovda aniqlanishicha, 2022 yil 1 iyul kuni soat 14-50 larda "El xzmetinde” gazetasi muharriri va bloger Dauletmurat Tajimuratov "Telegram” ijtimoiy tarmog`ining "Makan.uz” kanali orqali videomurojaat yo`llab, videomurojaatida fuqarolarni joriy yilning 5 iyul kuni soat 17-00 da "Qoraqalpog`iston Respublikasining ozodligini so`rab” Jo`qorg`i Kenges binosi oldida miting o`tkazishga da`vat qilgan.

Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlar orqali qonunga xilof ravishda miting uyushtirishga fuqarolarni da`vat qilganligi uchun 2022 yil 1 iyul kuni soat 15-30 larda D.Tajimuratov Nukus shahar   IIO   FMBga   olib  kelingan   va   ushlangan.

Bloger D.Tajimuratovning IIB xodimlari tomonidan ushlaganligini bilgan bir guruh shaxslar tartibsizliklar uyushtirib, uni ozod qilishni talab qilib Nukus shahridagi IIVga qarashli 2-sonli tergov hibsxonasiga va Nukus shahar IIO FMBga borishgan va keyinchalik 2022 yil 1 iyul kuni soat 17-30 larda Nukus shahri markazidagi "Markaziy dehqon bozori” MChJ oldidagi avtomobil  yo`lida   tartibsizliklar   uyushtirishgan.

Shundan keyin D.Tajimuratov Nukus shahar IIO va FMBdan ozod qilinib, chiqarib yuborilgan bo`lsa-da, D.Tajimuratov va uning tarafdorlari tartibsizliklarni yana davom ettirib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlariga faol qarshilik ko`rsatib,  O`zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitusiyaga xilof tarzda o`zgartirishga va hokimiyatni bosib olishga ochiqdan - ochiq   da`vat   qilishgan.

Shundan so`ng, 2022 yil 2 iyul kuni soat 14:45 da Nukus tumanidan taxminan 300 nafar shaxs Nukus shahar tomon harakatlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining qonuniy talablariga bo`ysunmasdan, Nukus shahridagi blok postda xizmat olib borayotgan 50 nafar Milliy Gvardiya xodimining maxsus vositalarini (rasiya, dubinka, kaska, shumovaya granata, shit)  qo`lga   kiritgan.

Shu kuni Xo`jayli tumanidagi harbiy postga noma`lum shaxslar tomonidan xujum uyushtirilib, qurol yaroq tortib olingan, “Nukus xalqaro aeroporti”ga, Nukus shahridagi ma`muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanuvchi Reabilitasiya markaziga Nukus shahar   IIB   binosiga   hujumlar   uyushtirilgan.

Ommaviy tartibsizliklar davomida Nukus shahridagi «Las Vegas» kafesi yonida davlat raqami 40 L 340 QA bo`lgan MAN rusumli yuk transport vositasi, «Eski shahar»dagi markaziy masjid oldida davlat raqami 01 267 UFA bo`lgan «KamAZ» rusumli yuk transport vositasi, Shumanay tumanidagi «Ismoilov Jabbor-bergen» fermer xo`jaligiga tegishli bo`lgan vagon yoqib yuborilgan.

Nukus shahar Sport kompleksi yonidagi «Do`stlik» kanali ko`prigiga, Nukus shahridagi ko`plab bino-inshootlar va yo`l to`siqlariga  ham   ko`plab   talofotlar  etkazilgan.

Ommaviy tartibsizliklar oqibatida hozirga qadar aniqlangan holatlarga ko`ra, jami 245 nafar shaxsga, jumladan 38 nafar huquq - tartibot organlari xodimiga turli darajadagi tan jarohatlari etkazilgan, og`ir tan jarohatlari tufayli 18 nafar   fuqaro vafot etgan.

Tergov va tezkor - qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

"Shu o`rinda, mamlakatimiz aholisi, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, ekspert va mutaxassislar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillariga alohida murojaat qilmoqchimiz !

Ayni kunlarda Qoraqalpog`istonda ro`y bergan voqea - hodisalar yuzasidan ayrim g`arazli kuchlarning haqiqatga to`g`ri kelmaydigan, soxta va uydirma ma`lumotlari, millatlar o`rtasida nizo va ziddiyat uyg`otadigan, ayirmachilik hamda ommaviy tartibsizliklarga da`vat etuvchi ig`vogorona chaqiriqlari ko`plab   kuzatilmoqda.  

Shu bois, barchangizdan bunday aldov va uydirmalarga ishonib qolmaslikni, shoshqaloqlik bilan asossiz xulosa chiqarmaslikni, mavjud vaziyat, o`tkazilayotgan tergov va tezkor - qidiruv tadbirlari haqidagi haqqoniy ma`lumotlarni mazkur Shtab axborot manbalaridan  olishingizni   so`raymiz" - deyiladi rasmiy murojaatda. 

 

    Boshqa yangiliklar