Nodavlat sport-ta`lim muassasalarida olimpiya va paralimpiya sport turlari bo`yicha sportchilarni tayyorlash va ularni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda "Huquqiy axborot".
Qarorga ko`ra, 2022 yil 1 iyuldan sport sohasidagi maktabdan tashqari nodavlat sport-ta`lim muassasalarini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashning quyidagi choralari joriy etiladi:
yozgi Olimpiya va Paralimpiya o`yinlarida g`olib hamda sovrindor bo`lgan sportchilar tomonidan tashkil etilgan nodavlat sport-ta`lim muassasasi uchun davlatning bino va inshootlarini 2024 yil 1 yanvargacha ijara to`lovlarisiz berish;
2024 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvargacha nodavlat sport-ta`lim muassasasi tomonidan xizmatlarni ko`rsatish uchun foydalaniladigan bino va inshootlar ijara to`lovi xarajatlarini 50 foizga kamaytirish.
Nodavlat sport-ta`lim muassasasini bojxona bojini to`lashdan ozod qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida g`olib va sovrindor bo`lgan sportchilarni tayyorlagan nodavlat sport-ta`lim muassasalari trenerlariga bir martalik pul mukofotlari to`lanadi.