“2026 yil Milan va Kortina-d’Ampesso shaharlarida (Italiya) bo`lib o`tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o`yinlariga O`zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ-303-son, 01.07.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qaror bilan 2026 yil Milan va Kortina-d’Ampesso shaharlarida (Italiya) bo`lib o`tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o`yinlariga O`zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash dasturi, tayyorgarlik ko`rish bo`yicha maqsadli ko`rsatkichlar va tayyorgarlik ko`ruvchi O`zbekiston milliy terma jamoalarining kontingenti tasdiqlandi.
Dastur doirasida quyidagilar tashkil etiladi:
- O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida zamonaviy muz saroyi;
- Toshkent viloyatida qishki sport turlari bo`yicha milliy terma jamoa a`zolari uchun 60 o`ringa mo`ljallangan Olimpiya tayyorgarlik markazi;
- Toshkent shahrida Qishki sport turlari bo`yicha respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabi.
2023 yildan har yili qishki Olimpiya o`yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari (respublika sport musobaqalari, xalqaro sport musobaqalari, o`quv-mashg`ulot yig`inlari, Osiyo hamda Jahon chempionatlari va kuboklari) uchun 15 milliard so`mgacha mablag` ajratiladi.
Qishki Olimpiya va Paralimpiya o`yinlarida g`olib va sovrindor bo`lgan O`zbekiston sportchilari qonunchilikda ko`rsatilgan miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag`batlantiriladi.
Shuningdek, quyidagi hududlar tegishli sport turlariga ixtisoslashtiriladi:
- Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Farg`ona viloyatlari va Toshkent shahri – figurali uchish, xokkey, short-trek, kyorling, paraxokkey, parakyorling sport turlariga;
- Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining tog`li hududlari – tog` chang`isi, snoubord, fristayl, ski-alpinizm, paratog` chang`isi, parasnoubordga.