TIV Qoraqalpog`iston voqealarida ayrimlar tomonidan internet orqali soxta yangiliklar tarqatilgani, dushman kayfiyatdagi kuchlar fuqarolarni aksilkonstitutsiyaviy faoliyatga ommaviy ravishda jalb qilishganini tasdiqladi.
Xabaringiz bor, 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida O`zbekiston Respublikasining konstitutsiyasviy tizimi, hududiy yaxlitligi va birligiga putur etkazishga urinish yuz berdi. Konstitutsiyasviy islohotlar bo`yicha umumxalq muhokamasiga kiritilgan takliflarga qarshi norozilik bahonasida bir guruh shaxslar tomonidan davlat hokimiyati organlari binolarini zo`ravon harakatlar, otishmalar va kuch bilan egallab olishga harakatlar tashkil etildi.
Sodir bo`lgan voqealar yuzasidan hukumatning tegishli idoralari tomonidan muntazam axborot berib borildi. OAV, xususan, Darakchi.uz' ham bu borada barchani xabardor qilib bordi.
Ammo TIV bayonotiga ko`ra, ayrim ommaviy axborot vositalari va inson huquqlari bo`yicha tashkilotlar tomonidan no`ma`lum manbalarga tayangan holda Qoraqalpog`iston Respublikasi Nukus shahrida sodir bo`lgan voqealar haqida turli xil taxminlar va asossiz xabarlar muhokama qilinmoqda.
Go`yoki noqonuniy kuch ishlatish orqali “tinch mitingni tarqatish”, jumladan, favqulodda holat e`lon qilish orqali “mustaqil ovozlarni yopish va axborotni oqimini to`sish” haqida asossiz ma`lumotlar berilgan.
"Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog`istondagi voqealar yuzasidan aniqlik kiritib, bu borada batafsil va xolis axborot taqdim etmoqda",-deya ta`kidlamoqda vazirlik.
Keltirilishicha, populistik shiorlarni niqob qilib olgan holda, uyali aloqa va Internet orqali soxta yangiliklarni tarqatib, dushman kayfiyatdagi kuchlar fuqarolarni aksilkonstitutsiyaviy faoliyatga ommaviy ravishda jalb qilishga urindilar.
"Bu Internet aloqasini vaqtincha cheklash choralarini ko`rishga majbur qildi",-deydi Tashqi ishlar vazirligi.
Unga asosan, ommaviy vayrongarchiliklar va vahshiyliklar chog`ida Jo`qorg`i Kengesi (parlament), Nukus shahar IIBB va Milliy gvardiya boshqarmasi binolariga hujum qilishga urinishlar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini garovga olish va ularning o`qotar qurollarini tortib olish, davlat, jamoat va shaxsiy mol-mulkka o`t qo`yish, buzish va yo`q qilish, shahar infratuzilmasiga jiddiy zarar etkazishga qator bor urinishlar kuzatilgan.
Ushbu noqonuniy harakatlar natijasida, ilgari aytib o`tilganidek, 18 kishi vafot etdi.
"Shuni ta`kidlash kerakki, tajovuzlarning faol ishtirokchilarining ko`pchiligi giyohvand moddalar va spirtli ichimliklar iste’mol qilgan shaxslardan iborat edi",-deyiladi bayonotda.
Ta`kidlanishicha, ayni paytda Qoraqalpog`istondagi voqealar yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.
"Inson huquqlari bo`yicha xalqaro shartnomalarning ishtirokchisi sifatida O`zbekiston shaffof, mustaqil va xolis tergov tamoyillariga to`liq rioya etish, shuningdek, tegishli tartib-qoidalar va adolatli sud ishlarini yuritish kafolatlarini ta`minlash tarafdoridir. Tergov natijalari tegishli xalqaro tashkilotlar e`tiboriga etkaziladi",-deydi vazirlik.






