“O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasida shaxs o`ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik qilishga majbur emasligini ko`zda tutuvchi norma taklif etilmoqda. Mazkur qoida nimani anglatadi, uning amal qilishi qanday kafolatlar yaratadi?
So`nggi yillarda mamlakatda sud va tergov jarayoni ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash yo`nalishida muhim islohotlar amalga oshirildi. Xususan, 2018 yilda “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat prosessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to`g`risida”gi qonun qabul qilindi.
Ta`kidlash joizki, davlatimiz rahbari “Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida shaxsiy va siyosiy xuquqlarni himoya qilish sohasida amalga oshirilishi lozim bo`lgan muhim islohotlar qatorida “jinoyat prosessida jabrlanuvchi va guvohlarning ...huquqlari va xavfsizligini ta`minlash mexanizmini takomillashtirish” masalasiga ham alohida to`xtalib o`tgan. Shaxs o`ziga va o`z yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik qilishga majbur qilinishi mumkin emasligi qoidasini qat`iylashtirish, uning ahamiyatini oshirish, birinchi navbatda, Prezident tomonidan e`tirof etilgan ana shu masalani ta`minlashga qaratilgan.
Shaxs o`ziga qarshi ko`rsatma bermasligi huquqi jinoyat prosessining eng muhim prinsipi – aybsizlik prinsipi qoidalaridan kelib chiqadigan kafolat hisoblanadi. Jumladan, aybsizlik prezumpsiyasiga binoan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o`zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Mazkur talab BMTning 1966 yil 16 dekabrdagi “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to`g`risida”gi xalqaro paktning 14-moddasida ham nazarda tutilgan. Unga asosan, o`ziga o`zi qarshi ko`rsatuv berishga yoki o`zini aybdor deb tan olishga majbur kilinmaslik kerak. Eslatma: O`zbekiston Respublikasi mazkur paktga 1995 yilda qo`shilgan edi.
Bu xalqaro standartning asosiy maqsadi – huquq-tartibot organlari tomonidan jinoiy ta`qib ostidagi shaxsni majburlash yoki unga har qanday bosim o`tkazish yo`li bilan uning irodasiga qarshi olingan dalillardan foydalanishga yo`l qo`ymaslikdir. Mazkur kafolatdagi o`z-o`zini ayblamaslik huquqi faqatgina jinoyat sodir etishda iqror bo`lishga majburlash taqiqi bilan cheklanib qolmaydi. O`ziga yoki yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majburlash mumkin emasligi qoidasi keyinchalik jinoyat ishida foydalanish mumkin bo`lgan faktlar to`g`risidagi har qanday ma`lumotlarni taqdim qilishga majburlash ham mumkin emasligini nazarda tutadi. Ushbu qoida sud va huquq-tartibot organlari so`roq qilishdan oldin shaxs o`ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi ko`rsatma bermaslik huquqi to`g`risida ogohlantirishi lozimligini ham anglatadi.
Albatta, hozir ham Jinoyat-prosessual kodeksida shaxsning o`z qarindoshlariga qarshi ko`rsatma berish erkinligi belgilangan. Jumladan, mazkur kodeksning 116-moddasiga ko`ra, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga taalluqli holatlar haqida guvoh yoki jabrlanuvchi tariqasida faqat o`zlarining roziliklari bilan so`roq qilinishlari mumkin.
Lekin, shu bilan birga, afsuski, sud tergov amaliyotida shunday holatlar ham uchraydiki, ayrim tergov xodimlari fuqarolarimiz o`zining bunday huquqi borligini anglamasligidan foydalanib, o`z qarindoshiga nisbatan guvohlik berish-bermaslik shaxsning mutlaqo erkinligi ekani va bu kabi guvohlik berishdan bosh tortish uchun jinoiy javobgarlik mavjud emasligini to`liq tushuntirmaydilar. Natijada insonlarning mazkur huquqdan amalda real foydalanishida muammolar yuzaga keladi.
Shaxsning o`ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik bermaslik huquqi har qanday turdagi qiynoqlar, tahdidlar va majburlov choralarini qo`llashni cheklovchi instrument bo`lib xizmat qiladi. Bu qoidaning Konstitusiya darajasida belgilanishi esa shaxsga kimningdir xohish-irodasi ob`ekti sifatida munosabatda bo`lishga yo`l qo`yilmasligini, uning shaxsiy hayot daxlsizligi esa chinakam konstitusiyaviy kafolat ekanini mustahkamlaydi.
Surayyo RAHMONOVA,
yuridik fanlar doktori, professor,
Sudyalar oliy kengashi huzuridagi
Sudyalar oliy maktabi kafedra mudiri