Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Bu majmua tariximizda ilgari bo‘lmagan ulkan va noyob loyihadir. Bugungi kunda muhtasham bino qad rostlab, qurilish yakuniy bosqichga kirgan.
Ushbu markaz Prezidentimizning 2017 yil 23 iyundagi qaroriga binoan boshlanib, 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni davlatimiz rahbari uning poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi.
Bag‘oyat ulug‘vor markaz binosi uch qavatni tashkil etib, qadimgi me’moriy obidalarimiz shaklida bunyod etilmoqda. Milliy gumbaz va peshtoqlar, naqshlarning ajoyib uyg‘unligi unga alohida ko‘rk va salobat bag‘ishlagan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan.
Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi – qadimiy Usmon Mus'hafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yiladi. Jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlardan namunalar ham o‘rin oladi.
– Xalqimizning boy va betakror merosiga oid ko‘p kitoblar, turli o‘lkalarga sochilib ketgan qo‘lyozmalar, noyob ma’lumotlar, san’at asarlari, afsuski, bizga noma’lum edi. Mana shu markaz sabab bo‘lib tarixni o‘rganishda katta qadamlar qo‘ydik, yangi manbalar yuzaga chiqdi. Endi bularning ta’siri, natijasi qanday bo‘ladi? Ularni faqat yodgorlik sifatida saqlamasdan, faol ilmiy iste’molga kiritish, aholimiz, yoshlarimizga tushunarli tilda yetkazish, jahon jamoatchiligiga keng targ‘ib qilish kerak. Bu dargoh nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi bo‘lishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.