Xabaringiz bor, O`zbekistonda 1 iyuldan avtomobilning orqa yon oynalarini qoraytirish to`lovlari bekor qilindi, old yon oynalarni esa 2,4 mln so`m etib belgilandi. Mazkur tartib prezident qarori bilan rasman tasdiqlandi.
Bunday qarorni anchadan buyon kutib yurgan o`zbekistonlik haydovchilar mashinalarni tonirovka qilishga shoshildi. Bozor qonuniyatlariga ko`ra, biror bir tovarga talab oshgan sayin narx ham ko`tarilib boradi.
Xo`sh, 1 hafta ichida haydovchilarning tonirovka "vasvasasi" bosildimi? Bozorlarlarda tonirovkalar narxi qanday?
Haydovchilar yangi tartibdan qanchalik rozi?
“Darakchi.uz” Toshkentda avtomobil oynalarini qoraytirish bilan shug`ullanuvchi ustalar va ularning xizmatidan foydalanuvchi haydovchilar bilan suhbatlashdi.
“Plyonkalar va uni o`rnatish xizmati narxlari qaror qabul qilinganining ilk kunlariga qaraganda bir necha bor tushdi. Narxlar avtomobilning rusumi va plyonkaning sifatiga qarab belgilanadi. Sifatli plyonkalar quyoshdan samaraliroq saqlanish va avtomobil ichidan tashqarini yaxshiroq ko`rish imkonini berishi bilan ajralib turadi. Sifatli plyonkalar rang ajratishga yordam berib mashina ichidagi bolalarni daltonik qilib qo`ymaydi”,– deydi sotuvchilardan biri.
“O`zi bozorda plyonka sotadigan do`konlar ham, ustalari ham kam. Shuning uchun ruxsatnoma narxlari arzonlashtirilgandan keyin navbatlar bo`ldi. Hozir ancha iziga tushib qolgan”,– deydi boshqasi.
Toshkentda tonirovka narxlari arzonlashtirilganining ilk kunlarida avtomobilning orqa yon oynalarini qoraytirib berish (plyonka va xizmat narxi qo`shilganda) narxi 200 ming so`mdan, orqa va old yon oynalar “tonirovka”si 600 ming so`mdan oshib ketgandi. “Darakchi.uz” suhbatlashgan ustalarning ma`lum qilishicha, hozirda bu narxlar biroz arzonlashgan.
Plyonka narxlari 50 ming so`mdan boshlansa, uni o`rnatish 200 mingdan boshlanadi.






