Avvalroq, Toshkentda o`zganing xonadoniga kirib, uy egasining og`zini skotchlab, uydagi seyfni hamda Jentra rusumli avtomashinani o`g`irlab ketgani haqida xabar bergan edik. Toshkent shahar sudi Matbuot xizmatining xabar qilishicha, ushbu 8 nafar "uddaburon" o`g`rilarga sud hukmi o`qildi.
Xabarda aytilishicha, jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudida, videokonferensaloqa tizimi orqali o`tgan ochiq sud majlisida, sudya Oybek Hayitov raisligida 8 nafar sudlanuvchiga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqildi.
Sudlanuvchilar M. R. , A. B. va O. S. bir guruhga birlashib, oldindan jinoiy til biriktirishadi. O. S. bergan ma`lumotiga ko`ra, M. R. va A. B. Yangier shahar, Z. Bobur MFYdagi uyda yashovchi fuqaroning yashash xonadoniga g`ayriqonuniy ravishda kirib, ushbu xonadondan moddiy qimmatliklarni bosqinchilik yo`li bilan egallashni maqsad qilishadi. Ushbu xonadonni oldindan ko`zdan kechirib, A. B. bilan birgalikda yuzlariga qora niqob, qo`llariga qo`lqop va o`zlari bilan olib kelgan skotch va mix sug`urgich (gvozdyor) bilan fuqaroning xonadoniga qo`shni xonadon orqali devorni oshib o`tish orqali kirishga erishadi. Ushbu xonadonda yolg`iz bo`lgan, voyaga etmagan o`g`lini hammomda yuvinayotganligidan foydalanib, uni urib tan jarohati etkazib, uning qo`li, oyog`i va og`zini o`zlari bilan olib kelgan skotch bo`laklari bilan bog`lab, o`ldirish bilan qo`rqitib, zo`rlik ishlatib, xonadonning yotoqxonasi eshigini o`zlari bilan olib kelgan mix sug`urgich bilan buzishga harakat qilishadi. Biroq maqsadlariga erisha olmagach, ushbu xonaga deraza orqali kirishib, yotoqxonadagi kiyim javoni ichida bo`lgan jami 18 000 000 so`mga yaqin pullarni bosqinchilik yo`li bilan egallab, hodisa sodir bo`lgan joydan yashirinishib, jinoiy yo`l bilan topilgan pullardan 7 000 000 so`mini O. S.ga berib, qolgan pullarni o`zaro taqsimlab olishgan.
Bundan tashqari, sudlanuvchilar D. A., M. R., A. T., M. S., T. T., B. E. va A. B. oldindan jinoiy til biriktirib, o`zganing juda ko`p miqdordagi mol-mulkini guruh tarkibida bosqinchilik yo`li bilan talon-toroj qilishni maqsad qilishadi. Yuzlariga niqob taqib, o`tkir tig`li jismlar bilan qurollangan holda, Yunusobod tumani, 2-Otchopar mahallasida istiqomat qiluvchi, 61 yoshli ayolni uyda yolg`iz qolganligidan foydalanib, mazkur uyga g`ayriqonuniy ravishda bostirib kirishadi. Ayolga hujum qilib, uning hayoti va sog`lig`i uchun xavfli bo`lgan zo`rlik ishlatib, pichoq tirab, og`zini va qo`llarini skotch bilan bog`lashadi. Uyning yotoqxonasidagi bahosi 1 mln. so`mlik seyf va uning ichida bo`lgan 15 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarini egallab olib hodisa sodir bo`lgan joydan yashirinishgan.
Shuningdek, pullarni bosqinchilik yo`li bilan qo`lga kiritib chiqqanlaridan so`ng, hodisa sodir bo`lgan joydan yashirinish uchun, transport vositasini olib qochish maqsadida, mazkur uy oldida turgan 61 yoshli ayolning ikki nafar qiziga pichoq bilan tahdid qilib, 61 yoshli ayolning qizi boshqaruvidagi “Gentra” rusumli avtoulovni egallab olishib, ushbu avtoulovni noma`lum tomonga olib qochishgan.
Sudning hukmiga ko`ra, sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi “a” bandi va 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish) 2-qismi “b,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. T.T.ga nisbatan tayinlangan jazoni Jinoyat kodeksining 60,61-moddalari tartibida jinoyat ishlari bo`yicha Sirdaryo viloyati Xovos tuman sudining 2018 yil 18 oktyabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o`talmay qolgan qismiga qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil o`tash uchun 15 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Qolgan 4 nafar sudlanuvchiga uzil-kesil 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va ularning bir nafari, ya`ni Tojikiston Respublikasi fuqarosi bo`lgan sudlanuvchi jazoni o`tab bo`lgach, Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 21 noyabrdagi 408-sonli qarorida belgilangan tartibda O`zbekiston Respublikasidan chiqarib yuborilishi belgilandi.
Yana ikki nafar sudlanuvchiga uzil-kesil 15 yil 6 oy, sakkizinchisiga esa 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Hukm qonuniy kuchga kirgandan so`ng, sudlanuvchilar T. T., A. T., B. E., M. R., A. B., M. S. va D. A. dan solidar tartibda 2 nafar jabrlanuvchi ayollar foydasiga 7500 AQSh dollari va avtomashinaga etkazilgan zarar uchun 1 300 000 so`m, sudlanuvchilar M. R., O. S. va A. B. dan solidar tartibda jabrlanuvchi erkak foydasiga 13 144 852 so`m moddiy zarar undirilishi belgilandi.
Manfaatdor tomonlarga etkazilgan boshqa moddiy va ma`naviy zarar bo`yicha fuqarolik ish yurituvi tartibida fuqarolik sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanliklari tushuntirildi.
Apellyasiya shikoyati va protestlari hukm e`lon qilingan kundan e`tiboran 20 sutka ichida, mahkum, jabrlanuvchi tomonidan esa hukm nusxasini olgan kundan e`tiboran shu muddat ichida berilishi mumkin. Belgilangan muddat o`tgandan keyin berilgan shikoyat yoki protest oqibatsiz qoldiriladi.






