Zamon.uz saytining xabar berishicha, 2022 yil 8 iyul kuni Samarqand tumani “Chaqa” MFY hududidan o`tuvchi 4H-495V mahalliy avtomobil yo`lining 2-kilometrida odamlar o`limi bilan bog`liq yo`l-transport hodisasi sodir bo`lgan.
Samarqand tumanida yashovchi 17 yoshli M.X. Cobalt mashinasi bilan Qaynama-Zaxlik yo`nalishida ketayotib boshqaruvni yo`qotgan va mashina yo`l chetiga ag`darilib ketgan.
Oqibatda, mashinada yo`lovchi sifatida ketayotgan, haydovchining singlisi J.X. hodisa joyida vafot etgan. Yana ikki nafar yo`lovchi og`ir tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilgan. Ko`rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, yana bir qiz R.I. shifoxonada vafot etgan.
Dastlabki surishtiruvlarda aniqlanishicha, hali haydovchilik guvohnomasi olish yoshiga etmagan M.X. mahallaning ichki ko`chasida mashinani juda katta tezlikda boshqargan.
Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.






