Vazirlar Mahkamasining Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Bosh prokuratura hamda Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi tomonidan Farg`ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida o`rganish ishlari olib borildi. Unga ko`ra muzeyda qonun buzilish holatlari aniqlandi.
Ishchi guruh tomonidan o`rganishda muzeyda saqlanayotgan umumiy bahosi 2,5 mlrd. so`mlik 70 ta noyob eksponatlar (ulardan 56 tasi rangtasvir asarlari) qalbakilashtirilgani, muzeyni kapital ta`mirlash uchun byudjetdan ajratilgan 3,1 mlrd. so`m mablag`ning 1,4 mlrd. so`mi mansabdor shaxslar tomonidan talon - toroj qilingani aniqlandi. Shuningdek, muzeyda saqlanishi lozim bo`lgan 1 dona rangtasvir va 1 dona grafika asari topilmadi.
E`tiborli tomoni, 2011 yilda muzey tomonidan Farg`ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga jami 21 nomdagi ashyolar berilgan. Ulardan 14 nomdagi ashyolar 2016–2020 yillar davomida muzeyga qaytarilgan, ammo qolgan 7 dona rangtasvir asari qaytarilmagan. Hozirgi kunda Farg`ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasida ushbu 7 dona rangtasvir asarlari mavjud emasligi aniqlandi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.