Prezident “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish to`g`risida”gi farmonni imzoladi.
Konsert-tomosha faoliyatini lisenziya asosida amalga oshiruvchi ijrochilar reyting guruhlari soni amaldagi 6 tadan 3 taga qisqartiriladi. Bunda, aholiga konsert-tomosha xizmatlarini ko`rsatish huquqi ijrochilar reyting guruhlari orasida quyidagicha taqsimlanadi:
a) I reyting guruhi ijrochilariga:
- respublika hududida va uning tashqarisida yakkaxon konsert tashkil etish;
- II va III reyting guruhlari ijrochilari uchun nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish;
b) II reyting guruhi ijrochilariga:
- bitta janr ikki va undan ko`p ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturida, turli janrlar yo`nalishlari bir nechta ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturida qatnashish;
- ommaviy axborot vositalarida qo`shiqlar va videokliplarni taqdim etish;
- III reyting guruhi ijrochisi uchun nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish;
v) III reyting guruhi ijrochilariga:
- to`y, yubiley hamda boshqa marosim va tantanalarda, jumladan, to`yxona, restoran, hordiq chiqarish tashkilotlari (klub, diskoteka, bar va qahvaxona) va xususiy uylarda konsert-tomosha xizmatlarini ko`rsatish;
- sozanda va raqqos(a)lar tomonidan bitta janr ikki va undan ko`p ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturlarini tashkil etish va ularda qatnashish.
Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish lisenziyasi uchun davlat bojini undirish bo`yicha shunday tartib joriy etiladiki, unga ko`ra 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab:
a) davlat boji stavkalari pasaytiriladi va quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
I reyting guruhi uchun bazaviy hisoblash miqdori 20 baravari miqdorida;
II reyting guruhi uchun bazaviy hisoblash miqdori 10 baravari miqdorida;
III reyting guruhi uchun bazaviy hisoblash miqdori 3 baravari miqdorida;
b) quyidagi san`atkorlar davlat bojini to`lashdan ozod etiladi:
- yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo`lgan shaxslar;
- nogironligi bo`lgan shaxslar;
- ta`lim muassasalarida o`qiydigan talabalar – o`qish muddati davomida;
v) yuridik shaxs tashkil etgan ijodiy jamoalardan davlat boji yagona lisenziya bo`yicha undiriladi. Bunda:
- lisenziyada ijodiy jamoa a`zolari to`liq ko`rsatiladi va ulardan lisenziya uchun davlat boji qo`shimcha ravishda undirilmaydi, ijodiy jamoa a`zosi mustaqil ijrochi sifatida ijod qilgan hollar bundan mustasno;
- ijodiy jamoa uning barcha a`zolari davlat bojini to`lashdan ozod qilingan shaxslardan tarkib topgan taqdirdagina davlat boji to`lashdan ozod qilinadi.
Madaniyat vazirligi va Davlat soliq qo`mitasining quyidagi takliflariga rozilik berildi:
- konsert-tomosha faoliyatini lisenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarga daromad solig`ini deklarasiya asosida yoki qat`iy belgilangan miqdorda to`lash huquqini berish;
2024 yil 1 yanvardan boshlab xonandalardan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab qolgan ijrochilardan daromad solig`ini faqat deklarasiya asosida undirish.
Belgilab qo`yilishicha:
a) deklarasiya asosida yoki qat`iy belgilangan miqdorda daromad solig`ini to`lash huquqi xonandalarga 2024 yil 1 yanvarga qadar, konsert-tomosha faoliyatini lisenziya asosida amalga oshiruvchi boshqa jismoniy shaxslarga 2026 yil 1 yanvarga qadar beriladi;
b) deklarasiya asosida soliq to`lashni tanlagan ijrochilar uchun:
- yillik umumiy daromad 30 foizi miqdoridagi xarajatlar tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmagan holda chegiriladi;
- tasdiqlangan xarajatlar summasi umumiy daromad 30 foizidan oshgan taqdirda qo`shimcha ravishda ushbu daromad 10 foizi miqdori chegiriladi;
- lisenziya olish uchun undirilgan davlat boji va ijtimoiy soliq summalari xarajat sifatida qayd etiladi hamda daromadlar tarkibidan chegiriladi;
v) qat`iy belgilangan miqdordagi soliq to`lashni tanlagan ijrochilardan daromad solig`i bir yilda bir marta quyidagi miqdorlarda undiriladi:
I reyting guruhi ijrochilaridan 2,7 million so`m miqdorida;
II reyting guruhi ijrochilaridan 1,8 million so`m miqdorida;
III reyting guruhi ijrochilaridan 1,0 million so`m miqdorida.
Shunday tartib joriy etiladiki, unga ko`ra:
- 2024 yil 1 yanvarga qadar III reyting guruhi ijrochilari qat`iy belgilangan miqdordagi soliq to`lashdan ozod etiladi;
- 2025 yil 1 yanvarga qadar konsert-tomosha faoliyatini lisenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar mehnat shartnomasi asosida band bo`lmagan taqdirda, ulardan konsert-tomosha faoliyati bo`yicha ijtimoiy soliq bir yilda bazaviy hisoblash miqdori bir baravari miqdorida undiriladi;
- konsert-tomosha faoliyatini lisenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar yuridik shaxslarga xizmat ko`rsatishdan olgan daromadlaridan, ular tomonidan tanlangan soliq rejimidan qat`i nazar, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i va ijtimoiy soliq to`lov manbaida ushlab qolinadi;
- yuridik shaxs tashkil etgan holda konsert tomosha faoliyatini lisenziya asosida amalga oshiruvchi ijodiy jamoalar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i va ijtimoiy soliqni yuridik shaxslar uchun o`rnatilgan tartibda to`laydi.