Buxoroda 700 dan ziyod insonning muammosi joyida hal etildi.
Prezidentimiz rahbarligida ishlab chiqilib, hayotga izchil joriy qilinayotgan 2022-2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasida xalq bilan muloqot tizimi mexanizmlarini ham takomillashtirish belgilangan bo`lib, bu “Xalqparvar davlat” milliy dasturini izchil amalga oshirishda nihoyatda muhim qadamdir. Davlatimiz rahbari topshirig`i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatidagi ommaviy qabullari ham ayni shu ezgu maqsadga – “Inson qadri uchun” g`oyasini hayotimizda to`la qaror toptirishga xizmat qilmoqda.
Prezident Administrasiyasi, Vazirlar Mahkamasi mas`ullari, Bosh prokuratura, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, o`ttizga yaqin vazirliklar, qo`mitalar va idoralar rahbarlarining Peshku tumanining Yangibozor, Kogon shahridagi Temiryo`lchilar, Jondor tumanining Zarafshon mahallalaridagi ochiq-jonli muloqotlarida viloyatning barcha hududi aholisi qamrab olindi. Qabullar davomida esa murojaatlari ijobiy hal qilingan ko`plab insonlarni uchratdik. Echim topilgan masalalar mavzusi-yu yo`nalishi turfa, biroq ularning zamirida bir hayotiy haqiqat, mamlakatimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq-erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash, qonun ustuvorligi, adolatni qaror toptirish yo`lidagi ezgu sa`y-harakatlar mujassam.
Masalan, Bosh prokuratura mas`ullari g`ijduvonlik 70 yoshli ta`lim faxriysi Anna Gilyovaning murojaatini joyiga chiqib o`rgangach, masala joyida hal qilindi. Taqdir taqozosi tufayli yoshligida Buxoroga ko`chib kelgan, G`ijduvonda ulg`ayib, bir umr muallimalik qilgan Anna momoga madaniy meros ob`ekti sifatida olingan ixchamgina uychasi o`rniga G`ijduvon tumani Guliston mahallasidan egalik huquqi asosida uy-joy ajratilishi ta`minlandi. Yangi xonadon kaliti ham shu erda topshirildi.
Prezidentimiz asos solgan xalq bilan muloqot tizimi bois buxorolik Hojiakbar Atoev, kogonlik Sodiqjon Nurov, g`ijduvonlik Ashraf Qilichev, qorako`llik Xurshid Hojiqulov hayotida ham bugun adolat g`alaba qildi. Bu insonlarning barchasi ancha yillar avval ichki ishlar tizimida turli vazifalarda xizmat qilgan: biri mayor, ikkisi katta leytenant, yana biri kichik serjant bo`lgan. Sud hujjatlarini o`qirkanmiz, 2008-2016 yillarda ular etarlicha fakt-isbotlarsiz, dalillar majmui bilan tasdiqlanmagan ko`rsatuvlar asosida ishdan chetlatilganiga guvoh bo`lish mumkin.
Bu galgi muloqotlarda esa Ichki ishlar vazirligi mas`ullari 6-14 yil deganda yana sohaga qaytgan mayor Hojiakbar Atoev, katta leytenantlar Sodiqjon Nurov va Ashraf Qilichev hamda kichik serjant Xurshid Xo`jaqulovni birma-bir tabriklab, ularga mas`uliyatli vazifada omad tiladi.
Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Oliy sud mas`ullariga murojaatlardan so`ng aybiga iqror-u qilmishiga ming pushaymon bo`lgan, munosib jazo olganini tan olish bilan birga, tuzalish yo`liga o`tgan, hayotini izga solish uchun imkoniyat so`ragan bir qator shaxslar muddatidan avval jazodan shartli ozod qilindi.
Xususan, murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo`yicha Kogon tumanidagi sudi jazoni ijro etish koloniyasida tashkil qilgan ochiq sud ishida 29 nafar mahkum manzil koloniyasiga o`tkazildi, bir nafar mahkumning esa jazosi engilrog`i bilan almashtirilib, muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
Murojaatlar asosida oilaviy zo`ravonlik va tazyiqqa uchragan bir qator xotin-qizlar davlat himoyasiga olinib, ularga himoya orderlari berildi. Xalq qabulxonalari va 3-sektor mas`ullariga avval murojaat qilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 10 dan ziyod oilalar farzandlariga ichki imkoniyatlar hisobidan bepul rasmiylashtirib berilgan fuqarolik pasportlari – id-kartalar topshirildi.
Buxoro shahrida yashovchi Kamol Husenovning farzandi avvalroq kredit evaziga ixchamgina issiqxona barpo qiladi, biroq, taqdir-peshona ekan, mehnatining rohatini ko`ra olmaydi: yaqinda olamdan o`tadi. Kreditdan qolgan 18 million so`m qarzdorlikni to`lashga Kamol ota imkon topa olmayapti. Qarzdorlik esa sudga oshirilgan, suddan ijroga qaratilgan.
Ayni shu masalada Sudyalar oliy kengashi mas`ullaridan maslahat va yordam so`ragan Kamol Husenovning kredit qarzdorligi ichki imkoniyatlar hisobidan birato`la qoplab berildi. Yirik issiqxona tarmog`iga ega tadbirkorlardan biri yolg`iz qizi bilan qolgan otaxonning issiqxonasini barqaror ishlab ketishini ta`minlab beradigan bo`ldi.
Qabullarda ko`plab tadbirkorlarning ham muammolari hal qilindi. Bir misol: Markaziy bank va Maktabgacha ta`lim vazirligi mas`ullari bilan muloqotlar asnosida tadbirkor Kimyo Yodgorovaga Kogon tumanida 150 o`rinli nodavlat maktabgacha ta`lim tashkiloti barpo qilish uchun berilgan kreditning imtiyozli davri yana bir yilga uzaytirib berildi.
Jondorlik Zarina Boqievaning murojaati asosida uning xorijda og`ir xastalikka chalingan otasi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi jamg`armasi hisobidan mamlakatimizga olib kelinadigan, Sog`liqni saqlash vazirligi mas`ullari esa Zarinaning bemor otasini mamlakatimizda davolashga yordam beradigan bo`ldi.
Qabullardan so`ng qator murojaatlar joyiga chiqib o`rganildi, mahallalarda, xonadonlarda kechgan muloqotlar asnosida ham qator masalalar echimi bo`yicha aniq muddatli vazifalar belgilab olindi. Aytaylik, Markaziy bank mas`ullarining Shofirkon tumanining Arabxona, Sho`robod qishloqlaridagi o`rganishlaridan so`ng Arabxona” mahalla fuqarolar yig`inining ma`muriy binosini barpo qilish uchun tamal toshi qo`yildi. Shofirkonning Sho`robod qishlog`ida yashovchi bir guruh murojaatchi xotin-qizlar yaqinda ayni shu mahallada ish boshlaydigan “Buxoro agro klaster” korxonasiga ishga joylashtiriladigan bo`ldi.
Bir so`z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining alohida topshirig`i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatidagi uch kunlik ommaviy qabullarida qariyb 1 ming 600 ta masala ko`rib chiqilib, ularning 714 tasi joyida hal qilindi. 322 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo`lsa, qariyb 560 ta masalani hal qilish bo`yicha aniq muddat va mas`ullar belgilanib, Prezident Administrasiyasi va Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.






