Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tmoqda. Unda mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalari muhokama qilinmoqda.
Majlisda Konstitusiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasining muddatini 1 avgustgacha uzaytirish to`g`risida qaror qabul qilindi.
Qonun loyihasida taklif etilayotgan o`zgartish va qo`shimchalar O`zbekiston konstitusiyasi oltmishdan ortiq moddasini qamrab oladi. Unda inson qadrini ulug`lash, aholi farovonligini ta`minlash, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish kabi ko`plab normalar belgilanmoqda.
Davlat qulay ishbilarmonlik va investisiya muhitini, tadbirkorlik rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni ta`minlash, halol raqobat himoya qilinishini, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo`l qo`yilmasligini kafolatlash, tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqligi belgilab qo`yilmoqda.
Konstitusiyaviy qonun loyihasida davlat hokimiyati asoslarini yanada takomillashtirishga, parlament vakolatlarini kuchaytirishga, fuqarolar qonunchilik jarayonidagi faol ishtirokini ta`minlashga qaratilgan normalar aks etmoqda.






