Oltiariq va Hazorasp tumanlarida ishga kiritish bilan bog`liq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, Departamentning Oltiariq tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, tuman tibbiyot birlashmasining xodimlar bo`limi mudiri, tanlov komissiyasi kotibi Sh.P. fuqaro X.ni birlashma komissiyasi raisi va a`zolari yordamida hamshira vazifasiga ishga kiritib qo`yish evaziga 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Hazorasp tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, tuman tibbiyot birlashmasi hamshirasi Sh.O. fuqaro S.ni tanishlari orqali hamshira vazifasiga ishga kiritib qo`yish evaziga 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.