1

Shavkat Mirziyoev Afg`oniston hukumatini terroristik tashkilotlar bilan aloqalarni uzishga chaqirdi

Siyosat 26.07.2022, 14:47
Shavkat Mirziyoev Afg`oniston hukumatini terroristik tashkilotlar bilan aloqalarni uzishga chaqirdi

O`zbekiston prezidenti Afg`oniston muvaqqat hukumatini xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzishga chaqirdi. Bu haqda u Afg`oniston TIV rahbari v.b. Amirxon Muttaqiy ishtirok etayotgan xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo`llagan murojaatida ta`kidladi. Bu haqda "darakchi.uz" muxbiri xabar bermoqda. 

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Afg`oniston hukumatini xalqaro hamjamiyatining asosiy talablariga rioya etishga chaqirdi. Bu haqda Toshkent shahrida o`tayotgan «Afg`oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot» xalqaro konferensiyasi ishtirokchilariga yo`llangan murojaatda qayd etilgan.

"Biz Afg`onistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va ko`rinishlari oldini olish va ularga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzish uchun o`zining qat`iy irodasini namoyon etib, keskin choralar ko`rishga chaqiramiz", — dedi Shavkat Mirziyoev.

«Bu muvaqqat hukumatga ishonchning mustahkamlanishiga olib keladi, Afg`oniston uchun yon atrofdagi davlatlar va xalqaro hamjamiyat bilan do`stlik, yaqin qo`shnichilik va o`zaro foydali hamkorlik muhitida barqaror taraqqiy etish bo`yicha aniq istiqbollarni ochadi», — deyiladi davlat rahbari murojaatida.

Mazkur xalqaro konferensiyada 20 dan ortiq mamlakatdan 100 dan ortiq delegasiyalar, BMT, Evropa Ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqalar qatnashmoqda. Afg`oniston muvaqqat hukumati delegasiyasini tashqi ishlar vaziri v.b. Amirxon Muttaqiy boshchiligida ishtirok etayapti.

Davlat rahbari shuningdek, mazkur konferensiya Afg`onistonning yangi hukumati bilan afg`on xalqi va butun xalqaro hamjamiyat manfaatlarini har tomonlama hisobga olishga asoslangan o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish yuzasidan amaliy fikr almashish uchun imkon yaratadi deb ishonch bildirdi.

«O`zbek va afg`on xalqlari ming yil davomida yonma-yon yashab keladi. Bizni umumiy va madaniy tarixiy qadriyatlar, din va buyuk ajdodlarimizning merosi birlashtirib turadi», — deyiladi davlat rahbari murojaatida.

"Ta`kidlash kerakki, Amudaryoning narigi sohilida tinchlik bo`lmasa, O`zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo`lmaydi. Shu sababli o`zining yangi tarixida ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar inqirozga duch kelayotgan Afg`onistonga nisbatan e`tibor susayib borayotgani xavotir uyg`otmasdan qolmaydi», — dedi Shavkat Mirziyoev.

«Aminmizki, jahon hamjamiyati bugun 90 yillardagi holatlarni takrorlamaydi, — dedi prezident. — Ularni chetlab o`ta oladi va maqsadga albatta erishish lozim. Afg`onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo`yilishi gumanitar vaziyatni yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar. Shu bois bunday holatga yo`l qo`ymaslik muhimdir. Chunki, gap millionlab insonlarning taqdiri haqida bormoqda».

Ta`kidlanishicha, hozirgi paytda Afg`oniston muvaqqat hukumati mamlakatda tinchlikni qaror topdirish bo`yicha muayyan qadamlar qo`ymoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga, qo`shni davlatlar bilan do`stona aloqalar, xalqaro hamjamiyat bilan o`zaro manfaatli hamkorlik o`rnatishga harakat qilmoqda.

«Biz bu say-harakatlarni rag`batlantirishimiz va qo`llab quvvatlashimiz zarur, — dedi O`zbekiston etakchisi. — Shu bilan birga, davlat boshqaruvida afg`on jamiyatining barcha qatlamlaridan vakillar keng ishtirok etadigan tarkibni shakllantirish, inson ayniqsa xotin-qizlar, barcha milliy va diniy guruhlarning asosiy huquq va erkinliklarini ta`minlash hamda uzoq muddatli tinchlik o`rnatishning fundamental asosi bo`lib qolmoqda».

Qayd etilishicha, yaqinda BMT bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan Janubiy va Markaziy Osiyo o`rtasidag o`zaro bog`liqlikni mustahkamlash to`g`risidagi maxsus rezolyusiya ham Afg`onistonda tinchlikni saqlash, xalqaro xavfsizlikni ta`minlash uchun g`oyat muhim ahamiyatga ega ekanini tasdiqladi.

«Biz bugun — xalqaro hamjamiyat Afg`oniston xalqi bilan birdamlikni namoyon etishimiz zarur. O`z sa`y-harakatlarimizni mamlakatni tinch, barqaror afg`on o`lkasiga, terrorizm, urush va narkotiklardan holi mamlakatga aylantirish uchun poydevor yaratishga safarbar qilishimiz lozim», — dedi Shavkat Mirziyoev.

«Afgg`oniston iqtisodiyotini qayta tiklash vazifasi bizning umumiy ustuvor yo`nalishimizga aylanishi zarur. Ayni shunday qarash jafokash afg`on zaminida mustahkam tinchlik o`rnatishning muhim sharti hisoblanadi. Bu yo`nalish mamlakatning xususan mintaqalararo iqtisodiy jarayoniga integrasiyalashuvini, infratuzilmalarga doir va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishni o`z ichiga oladi», — deya yakunlandi prezident murojaati.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1