Rossiyaning Yamalo-Nenesk avtonom okrugida 12 yoshli bola kuydirgi kasalligidan vafot etdi, deb xabar berdi “Vesti.ru” nashri.
Dahshatli tashxis yana sakkiz nafar ko`chmanchida aniqlangan, ulardan uch nafari bolalar. Bu kasallik so`nggi 75 yil mobaynida bosh ko`tarmagan edi. O`nlab odamlarni tibbiyot xodimlari o`z nazorati ostiga olgan, hududda qat`iy karantin e`lon qilingan, karantin e`lon qilingan hududda FVV xodimlari va harbiylar kuydirgi bilan kurashni boshlab yuborgan. Samolyotlarda zaruriy texnika va kimyoviy preparatlar tashilmoqda. 23 kvadrat metr zararlangan hududni dezinfeksiya va deratizasiya qilish ishlari boshlab yuborildi. Bu hududdagi kasallangan bug`ular ham yo`q qilindi.
“Biz bu hududda uch soatdan ortiq bo`ldik, barcha yonilg`i-moylash materiallari, shinalar va mavjud boshqa narsalar ham yo`q qilinadi”, dedi Yamalo-Nenesk avtonom okrugi gubernator muovini Mixail Kagan. O`tgan haftada Yamalo-Nenesk tundrasi hududida karantin e`lon qilindi. Xavfli kasallikdan ikki yarim mingdan ortiq bug`u jabr ko`rgan. Mutaxassislarning fikricha, kasallikning avj olishiga Shimolda havo haroratining + 35° darajaga ko`tarilib, isib ketishi sabab bo`lgan.