Bu haqda Darakchi.uz'ga Samarqand viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`yicha maslahatchisi Mansur Hasanov ma`lum qildi.
Ma`lum qilishicha, jomboylik Oftob aya Ortiqova ham muammosi hal bo`lishini bir oy, bir yil yo nari boring 10 yil kutgani yo`q. Aya umrining 74 yilini shaxsini tasdiqlovchi hujjatga ega bo`lish orzusida o`tkazdi. Eshigini taqillatib borgan mas`ullar esa ishni paysalga solishgan. O`z haq-huquqlarini bilmagan, huquqiy savodxonligi bo`lmagan oddiy bir ayol shu asnoda 70 yildan oshiq vaqtni kutish bilan o`tkazdi.
Buning oqibatida fuqaro na pasport ololdi, na pensiyaga chiqoldi. Jomboy tuman adliya bo`limining FHDYo bo`limiga murojaat qilgach, masala qisqa fursatda ijobiy hal bo`ldi. FHDYo bo`limi mudirasi G.Bahriddinova boshchiligida 1948 yilda tug`ilgan Oftob aya Ortiqovaning tug`ilganligi muddatini o`tkazib qayd qilinib, guvohnoma rasmiylashtirilib berildi.
Fuqaro endi ushbu guvohnoma asosida shaxsini tasdiqlovchi pasport olib, pensiyaga chiqishni rejalashtirgan.
Tahlillarga ko`ra, FHDYo bo`limi tomonidan joriy yilning o`tgan 6 oyida 2311 ta tug`ilish qayd qilingan bo`lib, shundan 40 tasi muddatini o`tkazib qayd qilingan.