3 avgust kuni Xorazmdagi bog`chada 5 yoshli bola vafot etgani haqida xabar bergan edik. Ushbu holat prokuratura xodimlari tomonidan dastlabki o`rganish ishlari olib borildi.
Aniqlanishicha, Xonqa tumani "Toma" mahallasida joylashgan 24-son davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti 2-katta guruh tarbiyalanuvchisi O`rinboev Shodiyor Azizbek o`g`li (30.06.2017 yilda tug`ilgan, 5 yosh) 03.08.2022 yil bog`chada tushlikdan keyin soat 12.20 larda o`zini yomon his qila boshlaganligini payqagan tarbiyachi A.Ro`zmetova bog`cha hamshirasi A.Jumaboevani chaqirgan.
Hamshira A.Ro`zmetova tomonidan Sh.O`rinboevga birinchi yordam ko`rsatilgan va bu haqda tez tibbiy yordam hamda bolaning ota-onasiga xabar berilgan.
Sh.O`rinboev tez tibbiy yordam mashinasida Xonqa TTBga olib borilgan hamda ko`rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo`limida vafot etgan.
Marhum Sh.O`rinboevning ota-onasi A.Qalandarov va M.Artiqbaevalarga ko`ra, Sh.O`rinboevning tutqanog`i tutib turgan. Biroq bu haqda maktabgacha ta`lim muasasasi xodimlarini ogohlantirishmagan, shuningdek, Sh.O`rinboev epilepsiya yoki boshqa kasallik bilan tibbiyot birlashmasida hisobda turmagan.
Mazkur holat yuzasidan Xonqa tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, tekshiruv viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.






