Senatining yigirma to`qqizinchi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi Qonun ham muhokama qilindi.
Ma`lum qilinishicha, muhokama jarayonida Qonunda qayta ko`rib chiqilishi lozim bo`lgan qator masalalar mavjudligi qayd etildi.
Jumladan, Oila kodeksining amaldagi 13-moddasida uzrli sabablar bo`lganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy o`tgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berilishi, alohida hollarda, masalan homiladorlik, bola tug`ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkinligi qayd etilgan. Biroq ko`rib chiqilayotgan qonun bilan mazkur normalar chiqarib tashlanmoqda.
Bunga asos sifatida Qonun bilan kiritilayotgan boshqa o`zgartishlar ko`rsatilgan. Xususan, endilikda nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganidan keyin bir oy o`tgach emas, balki ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko`rikdan o`tganidan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Ammo, nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko`rikdan o`tganidan keyin qancha muddat davomida o`tkazilishi noaniqligicha qolgan.
Shunga ko`ra, mazkur normaning qabul qilinishi alohida hollarda, ya`ni homiladorlik, bola tug`ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikohni ariza berilgan kunning o`zida tuzish imkoniyatini cheklashga olib kelishi va bu o`z navbatida nikohlanuvchi shaxslarning haqli e`tirozlariga sabab bo`lishi mumkinligi qayd etildi.
Oila kodeksining amaldagi 17-moddasiga muvofiq nikohlanuvchi shaxslar 50 yoshdan oshgan bo`lsa, shuningdek alohida hollarda, jumladan homiladorlik, bola tug`ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlar mavjud bo`lganda tibbiy ko`rikdan o`z roziligi bilan o`tkaziladi.
Qonun bilan kiritilayotgan o`zgartishga asosan, 50 yoshdan oshgan nikohlanuvchi shaxslar yoki o`rtada bolasi (bolalari) bo`lgan nikohlanuvchi shaxslar uchun, shuningdek homilador ayol va uning tug`ilajak bolasini o`z bolasi deb tan oluvchi shaxs uchun tibbiy ko`rikdan o`tish ixtiyoriy hisoblanishi ko`rsatilmoqda.
Mazkur o`zgartishlarga asosan, endilikda yuqorida qayd etilgan ayrim shaxslarning tibbiy ko`rikdan o`tishi nikohlanuvchi shaxslarning aynan o`z roziligi bilan emas, balki ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi qayd etilmoqda.
Bundan tashqari, amaldagi tahrirda nazarda tutilgan bir tarafning kasalligi mavjud hollar Oila kodeksiga kiritilayotgan o`zgartishlar jarayonida e`tibordan chetda qoldirilgan. Bu esa, o`z navbatida bu toifadagi shaxslar huquqlarining cheklanishiga olib keladi.
Shu bilan birga Oila kodeksiga kiritilayotgan o`zgartishga ko`ra nikohni qayd etishning bir oylik muddatini bekor qilish hamda nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berilganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko`rikdan o`tilgandan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Biroq ushbu normani kiritishda takliflar etarli darajada asoslantirilmagan, shuningdek milliy va xorijiy mamlakatlar tajribasi chuqur o`rganilib, tahlil qilinmagan.
Jumladan, qonun tashabbuskorlari tomonidan ayrim xorijiy mamlakatlarda nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjud emasligi yoki ularning qisqaligi bayon etilgan bo`lsa-da milliy qonunchiligimiz tizimi o`zaro yaqin bo`lgan boshqa bir qator xorijiy va MDH davlatlarida ushbu muddatlar hali ham mavjud. Masalan, Rossiya (1 oydan kam bo`lmagan va 12 oydan ko`p bo`lmagan muddatda), Armaniston (1 oydan kam bo`lmagan 3 oydan ko`p bo`lmagan), Ozarbayjon va Qozog`iston (1 oy muddatda) hamda boshqa ko`plab mamlakatlarda nikoh tuzishda tegishli muddatlar saqlanib qolgan.
Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar tomonidan “O`zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi Qonunni rad qilish to`g`risida qaror qabul qilindi.






