Paxtachi tuman “Boltali” mahallasida yashovchi Toshkent pedogogika bilim yurtini tamomlagan fuqaro G. Turdinorova 2021 yilning 1 fevralidan 36-sonli bog`chada yordamchi tarbiyachi vazifasida ishlab keladi. Biroq unga ish haqi to`lashda mutaxassis bo`lishiga qaramay, nomutaxassis ta`rifi bo`yicha to`lov qilib kelingan. Bu haqda Samarqand viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`yicha maslahatchi Mansur Hasanov darakchi.uz`ga ma`lum qildi.
Fuqaro ushbu holatdan norozi bo`lib, Paxtachi tuman adliya bo`limiga murojaat qilgach, holat o`rganib chiqiladi. Ma`lum bo`lishicha, 36-son DMTT da yordamchi tarbiyachi lavozimida ishlovchi G.Turdinorova 2022 yil fevral oyi ta`rifidan o`tayotgan vaqtida e`tiborsizligi va DMTT xodimlarining texnik xatoga yo`l qo`yishi oqibatida, hujjatlarda nomutaxasis sifatida rasmiylashtirilganligi bois, unga ish haqi to`lashda shunday tushunmovchilik yuzaga kelgan aniqlangan.
Tuman adliya bo`limi etakchi maslahatchisi Z.Quvonchbekovning ta`kidlashicha, o`rganish davomida mazkur xodimni mutaxassis ta`rifiga o`tkazish choralari ko`rilib, nomutaxassis ta`rifida ishlagan vaqtida xodimga to`langan oylik maoshi hamda mutaxassis oylik maoshi o`rtasidagi farq — 2 340 456 so`mni tashkil etgan. Mazkur holat yuzasidan Fuqarolik ishlari bo`yicha Kattaqo`rg`on tumanlararo sudiga ariza kiritilib, fuqaro foydasiga ish haqi tariflari o`rtasidagi 2 340 456 so`m farq undirib berilishi ta`minlangan.