Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shayxontohur tuman bo`limi tomonidan DXX va IIBB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, o`qishga kiritish bilan bog`liq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma`lum qildi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining kabinet mudiri vazifasida ishlovchi S.M. fuqaro Sh.ni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali universitetning 2-mutaxassisligiga o`qishga kiritib qo`yishi evaziga 3 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Andijon shahar bo`limi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh.A. fuqaro D.ni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Andijon davlat universitetining sirtqi bo`limiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 3 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Yangiariq tuman bo`limi tomonidan DXXning Xorazm viloyat boshqarmasi bilan o`tkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro S.I. boshqa bir fuqaro Z.ni tanishlari orqali Urganch davlat universitetiga o`qishga kiritib qo`yishi evaziga 2 300 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






