Poytaxtda yangi "Anhor-Lokomotiv" dam olish va istirohat bog`i qurilayotgani haqida xabar bergan edik.
Istirohat bog`ining Facebook`dagi sahifasida ma`lum qilinishicha, bugun, 8 avgust kuni mazkur bog` barcha dam oluvchilar uchun o`z eshiklarini ochadi.
Bog` Toshkent shahridagi Labzak hamda Zulfiyaxonim ("Anhor" kanali) ko`chalari oralig`ida joylashgan.
“Uz24”ning xabar berishicha, mazkur istirohat bog`idan respublikada eng katta hisoblangan kartodrom (maydoni 12 000 kv.m.), filmlar namoyish etiladigan, konsertlar o`tkaziladigan yozgi maydon, maydoni 1 810 kv.m. bo`lgan, katamaran va retro-mashina shaklidagi elektr qayiqlari bo`ladigan sun`iy suv havzasi, 4 ta kinozal, 320 o`rinli restoran, yangi kafe, avtoturargohlar o`rin olgan.
Turli rangda tovlanuvchi ulkan favvora, avtodrom, attraksionlar ham tashrif buyuruvchilar uchun hozirlangan.
Yangi bog`da, shuningdek, O`zbekistonning diqqatga sazovor arxitektura yodgorliklari - Toshkent teleminorasi, Kalta Minor (Xiva) minori, Sherdor madrasasi (Samarqand), Minorai Kalon (Buxoro), Bobur yodgorlik majmuasi (Andijon), Toshkent kurantlari va Amir Temur davlat muzeyi kabi inshootlarning maketlari ham qurilgan.