Tezkor axborot asosida huquqni muhofaza qilish organlari noqonuniy sigaretalarning yirik partiyasini qo`lga oldilar. Hududiy bojxona boshqarmasi inspektori Azizbek Rahmatovning so`zlariga ko`ra, ikki turdagi, jami 90 mln so`mlik 180 000 dona sigareta aniqlangan.
Qayd etib o`tamizki, joriy yilning oxirgi etti oyi davomida Farg`ona viloyati Bojxona boshqarmasida 29 ta holat qayd etilgan bo`lib, ularda jami 1 milliard 421 mln so`mlik 3 471 400 dona kontrabanda sigaretasi musodara etilgan.
Keyingi yillar davomida sigaretalar kontrabandasi jadal o`smoqda. Hisob-kitoblarga ko`ra, u shunchalik yuqori darajaga etganki, noqonuniy sigaretalardan to`lanmay qolgan soliqlar evaziga davlat 2,5 million kishi (2500 kichik qishloq)ni toza suv bilan ta`minlashi mumkin bo`lardi.
Etkazib beruvchilar va noqonuniy mahsulot bilan savdo qiluvchi sotuvchilarga nisbatan qat`iy choralar ko`rish orqaligina kontrabandani engish mumkin. Shu sababli, 2022 yil iyun oyidan noqonuniy tamaki mahsuloti savdosi uchun javobgarlik kuchaytirildi. Endi tamaki mahsulotlarini noqonuniy sotganlik uchun, mahsulot musodarasidan tashqari, BHMning 50 baravari va undan yuqori miqdorda jarima belgilanadi.
Takroriy qonunbuzarlik uchun yoki salmoqli miqdordagi noqonuniy aylanma uchun esa, quyidagilar ko`zda tutilgan:
– Jinoiy javobgarlik va 54 mln so`m va undan yuqori miqdorda jarima;
– Axloq tuzatish ishlari;
– 2 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki cheklash.
Bitta noqonuniy pachkadan oladigan foydangiz butun boshli biznesingiz va ozodligingizga arziydimi?






