Ijtimoiy tarmoqlarda o`qituvchilarni mukofotlash va rag`batlantirish, Direktor jamg`armasidan beriladigan ustamalar va boshqa moddiy imkoniyatlar turli muhokamalarga sabab bo`ldi.
Xalq ta`limi vazirligi Direktor jamg`armasiga beriladigan mablag`lar kamaytirilgani bo`yicha xabarga rasmiy munosabat bildirildi.
Ma`lum qilinishicha, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgust kuni qabul qilingan 425-sonli qarori bilan ayrim qarorlarga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Umumiy o`rta ta`lim muassasalarining o`rnak ko`rsatgan xodimlarini moddiy rag`batlantirish tartibini takomillashtirish to`g`risida”gi 823-sonli Qarorlariga tegishli o`zgartirishlar kiritildi.
Mazkur o`zgartirishlar joylardagi korrupsion holatlarni shuningdek, moliyaviy xato va kamchiliklarni oldini olishga qaratilgan bo`lib, mablag`larning maktab rahbarlari hamda joylardagi mas`ullarning suiste`mol qilinishini oldini olish ko`zda tutilgan.
Qayd etilishicha, o`zgarishlar bevosita o`qituvchilarni rag`batlantirish uchun yo`naltiriladigan direktor jamg`armasi mablag`lari miqdorini pasayishiga olib kelmaydi. Aksincha, mablag`lar aniq mezonlar asosida belgilanadigan ustamalarga ajratiladigan mablag`larni ko`payishiga va mukofotlashni “barcha uchun tenglik” tamoyili asosida amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
Qonunchilikka ko`ra, joriy yilda Direktor jamg`armasi jami maktab ish haqi fondining 12 foizi bo`yicha shakllantiriladi. Mazkur jamg`arma hisobidan 2022 yilning avgust oyiga qadar maktabning eng ilg`or o`qituvchilariga 40 foizgacha ustama, shuningdek, mablag`lar doirasida xodimlarga moddiy yordam va mukofot berish imkoniyati berilgan edi.
Ma`lumot uchun: 2021 yilda bir maktabda o`rtacha direktor jamg`armasining 55 foizi pedagog xodimlarga har oylik ustamalar uchun hamda qolgan 45 foizi mukofot va moddiy yordam ko`rsatishga yo`naltirilgan.
" Biroq, joylarda o`qituvchilarga 40 foizgacha ustama berish o`rniga foizni kamaytirish va qolgan summani moddiy yordam hamda mukofotga yo`naltirish amaliyoti yildan-yilga oshib borgan.
Misol uchun: 2021 yilda maktabning ish haqi fondiga 787,5 million so`m va direktor jamg`armasiga 175,5 million so`m ajratilgan. Ushbu Jamg`arma mablag`larining faqatgina 20 foizi pedagog xodimlarga har oylik ustamalar uchun qolgan 80 foizi mukofot va moddiy yordam ko`rsatish uchun yo`naltirilgan.
Ko`p hollarda Jamg`arma hisobidan maktab direktorlari “tanish-bilish” orqali xodimlarga moddiy rag`batlantirish, surunkali ravishda aynan bir guruh xodimlarga takror-takror amalga oshirgan;
mukofot pullari direktorga yaqin bo`lgan xodimlarga, qarindosh va tanishlarga rasmiylashtirilganligi;
avvalgi tahrirda jamg`arma hisobidan moddiy yordam miqdori chegaralanmaganligi sababli istalgan hajmda moddiy yordam ko`rsatish orqali o`g`irlik holatlari aniqlangan. Mazkur holatlar bo`yicha materiallar huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.
Shundan kelib chiqib yangi tahrirda direktor jamg`armasidan moddiy yordam ko`rsatish miqdorlari va holatlari aniq belgilab qo`yildi.
Natijada mukofot va moddiy yordam pullarini sababsiz berish imkoniyatlari cheklandi, maktab doirasida o`qituvchilarni rag`batlantirish uchun ajratiladigan jami summa esa saqlab qolindi.
Bu esa:
- mablag`larni bevosita o`qituvchilarning ustamalariga yo`naltirish;
- moddiy yordam ko`rsatishning aniq holatlarini belgilash
(xodimning o`zi va yaqin qarindoshi vafot etganda, og`ir kasallikka chalinganda, tabiiy ofatdan zarar ko`rganda);
- mukofot pullarini barchaga teng miqdorda berish imkoniyatini yaratdi.
Shuningdek, Vazir jamg`armasi orqali yagona tamoyil asosida respublika bo`yicha malakali pedagog xodimlarga mehnatga haq to`lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari (hozirda 5,1 mln. so`m) miqdorida har oylik ustamalar belgilash, shuningdek, xuddi shunday miqdorda ilg`or xodimlarga bir martalik pul mukofotini to`lash amaliyoti joriy etildi.
Xulosa o`rnida Direktor jamg`armasiga beriladigan mablag`lar kamaytirilmaganligi, aksincha, moddiy yordam va mukofot pullarini aniq maqsadlarga va tenglik tamoyili asosida berish ta`minlanganini qayd etish kerak.
O`zgartirishlar orqali Davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag`lardan samarali va oqilona foydalanish orqali o`qituvchi va boshqa xodimlarga to`g`ri etkazilishini ta`minlash maqsad qilingan", – deyiladi munosabatda.