AsosiySalomatlik

"Zaharli buqoq vaqtida davolanmasa, og`ir asoratlarni keltirib chiqaradi" — Shifokor

'"Zaharli buqoq vaqtida davolanmasa, og`ir asoratlarni keltirib chiqaradi" — Shifokor'ning rasmi

Buqoq — dunyo aholisi orasida keng tarqalgan kasalliklardan biri va u o`z vaqtida davolanmasa, jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.  

Xo`sh, ushbu xastalik nimasi bilan xavfli? Uning qanday salbiy asoratlari bor?

Sog`liqni saqlash vazirligi bosh endokrinologi Feruza Haydarova shu kabi savollarga javob berdi.

"Buqoq qalqonsimon bezning kattalashuvi bilan kechuvchi kasallik bo`lib, u a`zoning gormonal faoliyati kuchayishi, susayishi yoki o`zgarmasligi bilan namoyon bo`ladi. Ushbu kasallik haqida gapirishdan avval, qalqonsimon bez to`g`risida qisqacha ma`lumot berib o`tsam. Sababi mazkur xastalik aynan shu a`zoda rivojlanadi",— deydi shifokor.

Qayd etilishicha, qalqonsimon bez — bo`yinning old qismida joylashgan. U tiroksin va triyodtironin gormonlarini ishlab chiqarish orqali tanadagi ko`plab jarayonlar, xususan, asab, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak va suyak-tayanch tizimlari faoliyatini boshqaradi. Hatto miyaning normal ishlashi ham qalqonsimon bez faoliyatiga bog`liq.

Buqoqdagi o`zgarishlarning sabablari to`liq o`rganilmagan. Biroq uni keltirib chiqaruvchi bir qator omillar mavjud bo`lib, bularga turli autoimmun va infeksion kasalliklar, yod tanqisligi, stress, intoksikasiya, oqsil va vitaminlar etishmasligi kabilarni misol qilish mumkin.

"Qalqonsimon bezdagi o`zgarishlarning xususiyatiga ko`ra, diffuz buqoq, tugunli buqoq va aralash turlari tasniflanadi. Diffuz buqoq o`z navbatida diffuz-eutoireoid va diffuz-toksik shakllarga bo`linadi.  

Jumladan, uning diffuz-toksik turi xalq orasida zaharli buqoq deb ham ataladi. Mazkur xastalikka qalqonsimon bezning kattalashishi va funksiyasining ortib ketishi asos bo`ladi.

Bunda bemorlar asabiylik, yurak tez urishi, bezovtalik, ozish, soch to`kilishi, teridagi turli toshmalar, qizib ketish, ko`p terlash, qo`llarda titroq, ko`zlarning kattalashishidan shikoyat qiladi. Qolaversa, ular uyqusizlikdan qiynaladi. Kasallikka tashxis qo`yish laborator-qon tahlillari va instrumental tekshiruvlar natijasida amalga oshiriladi", – deydi  Feruza Haydarova.

Ma`lum bo`lishicha, bugungi zamonaviy tibbiyot zaharli buqoqni 3 xil usulda davolashni taklif etadi. Bular medikamentoz davo, ya`ni dori-darmon bilan, radioaktiv yod yordamida hamda jarrohlik usuli orqali muolaja qilish hisoblanadi.

Sog`liqni saqlash vazirligi bosh endokrinologining ta`kidlashicha, agar tegishli tekshiruvlardan so`ng bemorga zaharli buqoq tashxisi qo`yilsa, albatta, davolanish lozim. Chunki kasallik ta`sirida organizmda turli og`ir asoratlar kelib chiqishi mumkin.

"Shu bois o`z vaqtida shifokor maslahatini olib, zarur tibbiy tekshiruvlardan o`tish zarur. Bu orqali xastalikka aniq tashxis qo`yilib, kerakli davo choralari va muolajalar amalga oshiriladi", – deydi u.

    Boshqa yangiliklar