Andijon viloyati Ulug`nor tumanida faoliyat olib boruvchi "Takomil qurilish servis" mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari o`z joniga qasd qilgani haqida xabar berilgandi. Viloyat prokuraturasi holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, 20 avgust kuni Ulug`nor tumani Bobur mahallasi Furqat ko`chasida yashagan fuqaro V.A. Jalaquduq tumanidagi 29-sonli maktab sport zalida o`zini osib o`z joniga qasd qilgan.
Marhumning tanasi sud-tibbiy ekspertizasi byurosi ekspertlari ishtirokida ko`zdan kechirilganida uning badanida bo`ynidagi osilishdan qolgan strangulyasion egat ko`rinishidagi izlardan tashqari biron-bir tan jarohatlar aniqlanmagan.
Hozirda marhumning o`z joniga qasd qilganligi sabablarini aniqlash yuzasidan Jalaquduq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o`tkazilmoqda. Tekshiruv harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan bo`lib, natijalari haqida qo`shimcha ma`lumot beriladi.
Avvalroq Andijon viloyat hokimligi mazkur holat yuzasidan ma`lumot bergandi. Hokimlikka ko`ra, tadbirkorga qurilishi olib borilayotgan loyiha qiymatining 85 foizi miqdorida mablag` ajratilgan.
Shuningdek, tadbirkor 250 million so`m mablag`ini amaliy ko`mak sifatida so`ragan bo`lib, uning murojaatiga javoban viloyat hokimining topshirig`iga binoan qo`shimcha 350 million, jami 600 million so`m mablag` ajratilish masalasi belgilangan tartibda Xalq deputatlari kengashiga 10 kunlik muhokama uchun qo`yilgan.






