O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 apreldagi «Ichki turizm xizmatlarini diversifikasiya qilishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi 232-sonli qaroriga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda O`zbekiston Respublikasi Soliq qo`mitasi hamkorligida «Keshbek» tizimi taqdim etiladi.
Mazkur tizimga ko`ra 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab «O`zbekiston bo`ylab sayohat qil!» dasturi doirasida «Sayohat qil va keshbek ishla» shiori asosida respublika hududlari bo`ylab ichki sayohatlarni amalga oshirgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga xarajatlarining bir qismi qaytarib beriladi.
"Sayohat uchun keshbek" platformasi bilan ishlash juda oson. Buning uchun Siz:
– Soliq.uz mobil ilovasini yuklab olasiz;
– mobil ilova xizmatidan foydalanish uchun FaceID orqali shaxsingizni tizimda tasdiqlaysiz;
– sayohat yo`nalishini va boshlanish sanasini tanlaysiz;
– keshbeklarni yig`ish uchun fiskal cheklarni skanerlash orqali avia, temir yo`l yoki avtobus biletlarini ilovaga kiritasiz;
– maroqli sayohatdan so`ng «Sayohatni tugatish» tugmasini bosasiz va yig`ilgan keshbek summalarini shaxsiy mahalliy bank plastik kartasiga o`tkazasiz.
Keshbek tizimi Davlat soliq qo`mitasining maxsus mobil ilovasi (SoliqUz) bilan integrasiya qilingan bo`lib, xarajatlar haqqoniyligi mobil ilova yordamida tekshirilib, xarid chekining matrisali shtrix kodini (QR-kod) hamda mahalliy turistlarning doimiy yashash joylarini ko`rsatish orqali sayohatlar ro`yxatdan o`tkaziladi.
Sayohat xarajatlarini qaytarish sayohat qilish davomida bir vaqtning o`zida quyidagilar nazarda tutilganda amalga oshiriladi:
– avia, temir yo`l va avtobusdan foydalanish;
– joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanish;
– madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish.
Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:
– aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 150 ming so`mdan oshmagan miqdorda;
– temir yo`lda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 80 ming so`mdan oshmagan miqdorda;
– joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15 foizi, lekin 80 ming so`mdan oshmagan miqdorda;
– teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50 foizi, lekin 20 ming so`mdan oshmagan miqdorda.
Sayohat xarajatlari faqatgina platforma orqali amalga oshirilgan ichki sayohatlar uchun uning yakuni bilan mahalliy turistlarning bank kartalariga qaytariladi.






