1

Bolalarda holsizlik va ko`p terlash nimaning alomati?

Salomatlik 22.08.2022, 19:21
Bolalarda holsizlik va ko`p terlash nimaning alomati?

Yangi tug`ilgan chaqaloq parvarishi ota-onalardan alohida e`tibor va mas`uliyat talab etadi. Ayniqsa, bu davrda bola suyaklarining to`g`ri rivojlanishi juda muhim. Aks holda, murg`ak organizmning sog`lom shakllanishiga to`siq bo`luvchi turli kasalliklar bosh ko`taradi. Ulardan biri raxit xastaligidir.

Xo`sh, mazkur kasallikning kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo`ladi? Uning belgilari va davolash usullari nimalardan iborat?

Shu kabi savollariga tibbiyot fanlari doktori Umida Rustamova javob berdi:

"Raxit yangi tug`ilgan chaqaloqlar va 3 yoshgacha bo`lgan bolalar organizmining umumiy xastaligi bo`lib, "D" vitamini etishmasligi sababli yuzaga keladi. Natijada suyak to`qimalarining hosil bo`lishi, shakllanishi va ularning mineralizasiyasi bilan bog`liq turli buzilishlar kuzatiladi",-deydi shifokor.

Qayd etilishicha, bola organizmining benuqson rivojlanishi, xususan, suyaklarning to`g`ri o`sishi va mustahkam bo`lishi uchun kalsiy va fosfor elementlari juda zarur. “D” vitamini esa ushbu moddalarning ichakda so`rilishi, suyak, mushak va boshqa a`zo to`qimalariga etib borishini boshqaradi.

Agar bu vitamin etishmasa, tanada o`z-o`zidan kalsiy va fosforga bo`lgan ehtiyoj ham qondirilmaydi. Bu esa raxit xastaligini keltirib chiqaradi.

"Kasallikning boshlanishi bolaning 3-4 oyligiga to`g`ri kelib, undagi nevrologik o`zgarishlar bilan namoyon bo`ladi. Ya`ni, go`dak ko`p bezovtalanadi. Bot-bot qaysarlik va injiqlik qiladi. Uyqu buzilishi, shovqin va yorug`likdan cho`chishi hamda ta`sirchanlik kuzatiladi. Kichkintoy ko`p terlaydi va mushak tonusi pasayadi. Natijada bolaning jismoniy rivojlanishi kechikadi. Ya`ni, u tengdoshlariga nisbatan o`tirish, emaklash va oyoqqa turishda ortda qoladi.

Bola o`z vaqtida davolanmasa, kasallik yanada zo`rayib, suyaklarda salbiy o`zgarishlar sodir bo`ladi. Ya`ni, peshona va kallasining tepa qismi turtib chiqadi, ensa sohalari yassilanadi. Umurtqa pog`onasi bukchayib, oyoq “X” yoki “O” shaklida qiyshayadi hamda yassioyoqlik rivojlanadi. Shuningdek, jajji bemorning immuniteti pasayib, yuqumli kasalliklarga ta`sirchan bo`lib qoladi",-deydi  Umida Rustamova.

Ma`lum bo`lishicha, hatto uzoq vaqt raxit bilan og`rigan va davolanmagan bolalarning ko`krak qafasi qiyshayishi, shu bilan birga, ichga botib kirishi, qovurg`alarning yo`g`onlashuvi, kamqonlik, suyaklar yumshashi, tishlar o`z vaqtida va bir tekis chiqmasligi aniqlanadi. Xastalikning og`ir davrida esa bola ancha vaqtgacha bosh va gavdasini tuta olmaydi.

Tibbiyot fanlari doktori kasallikdan himoyalanish uchun qilinishi kerak bo`lgan zaruriy choralarga to`xtaldi.

"Agar ota-onalar farzandida raxit kasalligi belgilarini sezsa, darhol shifokorga murojaat qilishi zarur . Chunki ushbu xastalikni davolash alohida muolajalarni talab etadi. Kasallikning dastlabki bosqichida “D” vitamini va kalsiy preparatlarini qabul qilishning o`zi etarli. Ammo kasallik zo`raygan davrda uning oldini olish uchun qator tibbiy choralarni qo`llash lozim.

Xususan, zarur hollarda bolada shifokor tavsiyasi bilan uqalash muolajasi, kvars lampasi bilan nurlantirish amaliyotlari o`tkaziladi. Ushbu davo choralari va maxsus dori-darmonlar faqat mutaxassis tavsiyasi bilangina belgilanadi",-deydi u.

Eslatib o`tamiz, kasallikning oldini olish uchun bolani quyoshli kunlarda va ertalab ochiq havoda sayr qildirish, cho`miltirish, darmondorilar, jumladan, "D" vitamini berish lozim. Eng muhimi, raxitning oldini olish bilan bog`liq profilaktika ishlarini bola tug`ilmasdan oldin boshlash maqsadga muvofiq.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1