AsosiyDunyo

2035 yilga kelib Evroittifoq davlatlari to`liq “yashil” avtomobillarga o`tishi mumkin

'2035 yilga kelib Evroittifoq davlatlari to`liq “yashil” avtomobillarga o`tishi mumkin'ning rasmi

Barcha iqtisodiyot tarmoqlarining “yashil” loyihalarga o`tishi o`ziga xos trendga aylanayotgan bir vaqtda avtomobilsozlik ham chetda qolmayapti. Hozirda dunyoning yirik avtokonsernlari elektromobillar ishlab chiqarishni yo`lga qo`ymoqda, deya yozadi Zamon.uz' sayti.

Qayd etilishicha, o`tgan yili Evropa Komissiyasi avtomobillardan is gazi chiqishini kamaytirishga doir o`z  takliflarini e`lon qildi. Xususan, unda 2025 yilga kelib an`anaviy yonilg`ida harakatlanadigan mashinalar hajmini 15 foizga, 2030 yilda esa 55 foizga kamaytirish belgilangan. 2035 yilga kelib EI davlatlari to`liq “yashil” avtomobillarga o`tishi lozimligi ta`kidlangan. 

"Elektromobillar ulushini oshirish qator strukturaviy masalalarni echish orqali amalga oshiriladi. Masalan, ularni ishlab chiqarish uchun barqaror xomashyo bazasiga ega bo`lish, ularni zaryadlash stansiyalarini ko`paytirish va eng muhimi avtomobil tannarxining arzonligi muhim ahamiyatga ega. 

Ushbu turdagi mashinalarning ishlab chiqarishning kengayib borishi ayrim turdagi foydali qazilmalarga, xususan, litiy, nikel, kobalt, grafit va kamyob metallarga bo`lgan talab oshdi. Bu ishlab chiqaruvchilarni yangi bozorlar, yangi hamkorlar izlashga majbur qilmoqda. Talab ayniqsa, Xitoyga yuqori, aynan shu davlat elektromobillar ishlab chiqarishda etakchi. Bundan buyon ularga bo`lgan talab yanada oshadi, chunki, deyarli barcha avtomobil kompaniyalari “yashil” loyihalarni ko`paytirishga harakat qilmoqda",-deyiladi Zamon.uz' xabarida.

Ma`lumot berilganidek, zaryadlash stansiyalarini ko`paytirish yana bir muhim masala. Yuqorida nomi tilga olingan Evrokomissiya takliflarida shu maqsad uchun 50 milliard investisiya zarurligi qayd etilgan. ETAuto nashriga ko`ra, 2021-2027 yilda ushbu sektor yiliga o`rtacha 20 foizdan o`sadi. 2027 yilda zaryadlash stansiyalari sonini 2.8 millionga etishi taxmin qilingan. 

Elektromobillar ommalashuviga eng katta to`siq bu ularning narxi bo`lib qolmoqda. Dunyo bozorida ularning o`rtacha narxi odatiy mashinalarga nisbatan ikki barobar qimmat. Ammo iqlim o`zgarishi bilan bog`liq muammo oxir-oqibat ularning narxi arzonlashishiga sabab bo`lishi mumkin. 

Xo`sh, O`zbekistondagi vaziyat qanday?

O`zbekiston ham global trendlardan ortda qolmaslikka harakat qilmoqda. Xususan, 2021 yil noyabrida Glazgoda bo`lib o`tgan xalqaro iqlim konferensiyasida Toshkent 2030 yilda elektromobillarning avtotransportdagi ulushini 20 foizga etkazish bo`yicha majburiyat olgan. 

"Respublikada so`nggi yillarda elektromobillar ulushi ortdi. Statistika qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, 2022 yilning birinchi yarmida o`tgan yilning mos davriga nisbatan ushbu mashinalar importi 4.5 barobarga ortgan (1125 ta). 

Hukumat elektrokarlarni ommalashtirish uchun qator ishlarni amalga oshirmoqda. Masalan, hozirgi kunda ular aksiz va bojxona to`lovlaridan, shuningdek, turli yig`imlardan ozod qilingan. 

Bundan tashqari, yaqin yillarda O`zbekistonning o`zida elektromobil ishlab chiqarish yo`lga qo`yilishi mumkin. 2022 yil 20 avgust kuni “O`zavtosanoat” Xitoyning BYD avtokorxonasi bilan bu bo`yicha kelishuvga erishilganini ma`lum qildi. Agar ushbu loyiha amalga oshirilsa, yaqin yillar ichida elektromobillar hajmi keskin ortadi. Sababi, BYD dunyoning eng katta ishlab chiqaruvchilaridan biri",-deyiladi xabarda. 

Unga asosan, “Yashil” mashinalarning ko`payishi Respublika bo`ylab zaryadlash stansiyalarining ham ko`payishiga sabab bo`lmoqda. PlugShare portali ma`lumotlariga ko`ra, poytaxtdan tashqari 7 viloyatda bu kabi stansiyalar faoliyati yo`lga qo`yilgan.

    Boshqa yangiliklar