2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslarga pensiya tayinlangandan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo`lsa, ish staji va ish haqini hisobga olgan holda hamda kelgusida har 2 yilda nogironlik pensiya miqdorlarini qayta hisoblash amaliyoti joriy etiladi. Bu haqda joriy yilning 24 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ko`rib chiqilib, birinchi o`qishda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining Qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasida belgilanmoqda.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqti yoshga doir yoki boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qo`shib hisoblanadi. Bunda, nogironlik pensiyasi olayotgan fuqaro pensiya yoshiga etganda yoki boquvchisini yo`qotganda nogironlik pensiyasini olishni davom ettirsa (boshqa pensiya turiga o`tmasa), I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqtini qo`shib nogironlik pensiyasi qayta hisoblanmaydi.
Qonun loyihasiga ko`ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslarga pensiya tayinlangandan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo`lsa, ish staji va ish haqini hisobga olgan holda hamda kelgusida har 2 yilda nogironlik pensiya miqdorlarini qayta hisoblash amaliyoti joriy etiladi.
Deputatlarning ta`kidlashicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi amaliyotda qo`llashda yuzaga kelayotgan turli xil yondashuvlarning oldini olish, korrupsiogen faktorlarni keltirib chiqaruvchi holatlarga barham berish, ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi bo`lgan shaxslarning daromadini oshirishga xizmat qiladi.






