Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg`ona viloyati boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, Farg`ona viloyatida o`zini IIB va bank xodimi sifatida tanishtirgan firibgar ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Fuqaro N.X. fuqaro M.ga o`zini Toshkent shahar IIB xodimi deb tanishtirib, sud organlarida ishi ko`rilayotgan turmush o`rtog`i B.ni 1 500 AQSh dollari evaziga ozodlikka chiqarib berishni va`da qilib, shundan 1 000 AQSh dollarini olib, yana 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bundan tashqari, N.X. boshqa bir fuqaro N.Q.ga Toshkent shahrida bank filialida ishlashini aytib, imtiyozli shartlar asosida kredit olib berish evaziga uning 4,9 mln so`mini qo`lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






