Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda er ayolini o`ldirib, jasadini 2 kun mashinasida saqlab yurgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda.
Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma`lum qilishicha, voqelik ikki yarim oy burun - 10 iyun kuni sodir bo`lgan. O`sha kuni poytaxtning Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi 25 yoshli D. K. chap tuxumdon kistasi yoritilishi natijasida ichki qon ketishidan vafot etgan. Ekspertiza tekshiruvi jarayonida marhumaning badanida tan jarohatlari aniqlanmagan.
Voqelik yuzasidan tergovga qadar tekshirish o`tkazilib, Yakkasaroy tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atish rad etish haqida qaror qabul qilingan.
Tuman prokuraturasining ushbu qarori barvaqt qabul qilingani sabab joriy yilning avgust oyi boshida bekor qilinib, ayni paytda qo`shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ayni jarayonda o`limga sabab bo`lgan holatlarga yana-da aniqlish kiritish uchun sudga oid komissiyaviy ekspertiza tayinlangan.
Ekspertiza xulosasidan kelib chiqib, qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi.
Bundan tashqari marhumaning jasadi "ikki kun mobaynida mashinada saqlab yurilgani"ni ehtimolini juda past ekani ham ta`kidlanmoqda. Chunki, jazirama issiqda inson jasadi ikki kunlab mashina salonida olib yurilishi (yoki saqlanishi) sog`lom tasavvurga to`g`ri kelmaydi. Dastlabki xulosalarga ko`ra, ijtimoiy tarmoqlarda aks etgan lavha marhumaning jasadi ekspertizadan yashash xonadoniga olib kelgan vaqtda tasvirga olingan. Bundan ko`rinadiki, ijtimoiy tarmoqlarda holat juda bo`rttirib yuborilayotir.
Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan ushbu holat bo`yicha qo`shimcha tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.