O`zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi bayrami sharafiga Yaponiyadagi faol vatandoshimiz Hobil Yusupov tomonidan milliy bayrog`imiz Kunchiqar mamlakatning eng baland nuqtasi – Fuji tog`i cho`qqisiga olib chiqildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Hobil Yusupov Yaponiyadagi barcha vatandoshlarimiz nomidan O`zbekiston Mustaqilligi kuni munosabati bilan xalqimizga tabrik yo`llashidan, davlatimiz bayrog`ining Fuji tog`i cho`qqisida hilpirab turishidan mamnun ekanini qayd etdi.
“Mustaqillik naqadar buyuk ne`mat ekanligini biz teran anglaymiz”, dedi u.
Eslatib o`tamiz: balandligi 3776 metrni tashkil etadigan, Yaponiya madaniy va diniy hayotida alohida o`ringa ega bo`lgan Fuji tog`i Kunchiqar yurtning ramzi sifatida ham tilga olinadi. Bu tog` YuNESKOning Butunjahon tabiiy merosi ro`yxatiga kiritilgan.