Xitoyda 21 million aholi istiqomat qiladigan Chendu shahri to`liq karantinga yopildi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Shu tariqa rasmiylar mamlakatning koronavirusdan eng kam zarar ko`rgan g`arbiy mintaqasida COVID-19 yoyilishining oldini olmoqchi. Qayd etilishicha, Sichuan provinsiyasi poytaxti Chendu 2022-yilda karantinga yopilgan ikkinchi eng yirik shahar bo`ldi — avval Shanxayda ikki oylik karantin joriy qilingandi.
“Millionlab odamlar hayoti va bizneslarning borishini o`zgartiradigan ushbu qadam XXR iqtisodiyoti va undan tashqarida ham o`z ta`sirini o`tkazsa-da, mamlakat rahbari Si Szinpinning Covid Zero yondashuviga sodiqligini namoyish etadi. Ushbu yondashuv kasallik tarqalishini oldini olish uchun ommaviy testlar o`tkazish va blokirovkalarga asoslanadi”, deyiladi xabarda.
Chenduda karantin 1 sentyabr kuni 157 kishida koronavirus qayd etilganidan keyin joriy etildi. Xitoy yalpi ichki mahsulotining qariyb 1,7 foizini tashkil etuvchi shaharda ko`plab texnologiya kompaniyalari va avtomobil ishlab chiqaruvchilar, jumladan, Iphone va boshqa Apple qurilmalari ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik Foxconn Technology Group kompaniyasi joylashgan. Shahar, shuningdek, panda qo`riqxonasi bilan mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi.
Butun shahar to`rt kunlik ommaviy testdan o`tkaziladi. Chendu shahar rasmiylarining ta`kidlashicha, odamlar noma`lum muddatga uyda qolishi va faqat zarurat bo`lganda tashqariga chiqishi zarur.
Oqibatda bozor va do`konlarda odamlar tom ma`noda oziq-ovqat uchun kurashayotgani, kechalari esa derazadan baqirishayotgani aks etgan videolar tarqaldi.
Xitoy rasmiylari videodagi hayqiriqlar shunchaki qo`shiqli fleshmob ekanini da`vo qilmoqda.






