1

Jig`ildon "qaynashi" oshqozon yarasining alomati...mi?!

Salomatlik 04.09.2022, 18:24
Jig`ildon "qaynashi" oshqozon yarasining alomati...mi?!

Bugungi kunda oshqozon va o`n ikki barmoqli ichak yarasidan ko`pchilik aziyat chekadi. Asosan 20-40 yosh atrofidagi insonlarda uchraydigan ushbu xastalik so`nggi vaqtlarda hatto maktab yoshidagi o`g`il-qizlarda ham ko`p kuzatilmoqda.  

Xo`sh, bunga sabab nima? Undan qanday saqlanish mumkin?

Shu kabi savollariga tibbiyot fanlari doktori, professor Feruza Hamrabaeva javob berdi.

"Oshqozon va o`n ikki barmoqli ichak yarasi — surunkali, qaytalanuvchi va remissiya davrlari almashinib keluvchi xastalik bo`lib, uning kelib chiqishiga, eng avvalo, tartibsiz va nosog`lom ovqatlanish sabab bo`ladi", — deydi shifokor.  

Uning fikricha, o`z vaqtida taomlanmaslik, shilliq qavatga salbiy ta`sir etuvchi hamda oshqozon shirasi ishlab chiqarilishini kuchaytiruvchi achchiq, dudlangan, xamirli taomlar, pishiriqlar, quruq va sovuq eguliklarni haddan ziyod ko`p iste`mol qilish, bo`yoqli va gazli hamda qahva kabi ichimliklarni me`yoridan ortiq ichish ushbu kasallikni yuzaga keltiradi.

"Qolaversa, irsiy moyillik, "Helicobacter pylori" infeksiya­si, me`da shirasining ko`p miqdorda ishlab chiqarilishi, ayrim dori vositalarini nazoratsiz va uzoq muddat qabul qilish, asabiylashish, stress, chekish, spirtli ichimliklar ichish va tug`ma nuqsonlar ham bunga sabab bo`lishi mumkin.

Dard zo`rayganda, bemor, asosan, og`riqdan shikoyat qiladi. Oshqozonning orqa devori va kardial qismi yaralarida og`riq ovqat iste`mol qilgandan keyin yuzaga keladi. Ular simillovchi xarakterda bo`lib, ko`p hollarda to`sh orti va yurak sohasida kuzatiladi. Alkogolli ichimliklar va achchiq oziq-ovqat mahsulotlarini iste`mol qilish yoki jismoniy og`ir ishlarni bajarganda og`riq yanada kuchayadi.

Shu bilan birga, ishtahaning pasayishi, ko`ngil aynishi, jig`ildon qaynashi, qorin dam bo`lishi, kekirish, og`iz bo`shlig`ida achchiq yoki nordon ta`m sezilishi kabi belgilar ham ushbu kasallikning alomati bo`lishi mumkin.

Xastalik yaraning joylashishi, o`lchamlari, chuqurligi, oshqozonning sekretor faoliyati, bemor yoshiga bog`liq holda turlicha kechadi.

Uni faqat dori-darmon bilangina davolab bo`lmaydi. Aksincha, kasallikka yondashuv kompleks tarzda bo`lishi, xususan, bemorning umumiy ahvoli va shikoyatlarini atroflicha o`rganish zarur. Shundan so`ng shifokor tavsiyasi bilan endoskopik tekshiruv, oshqozon traktini rentgenogramma orqali ko`rish, "Helicobacter pylori" infeksiyasini aniqlashga doir qon tahlillari o`tkaziladi.  

Shu bilan birga, me`da shirasining kislotaliligini kamaytirish talab etiladi. Bu esa jig`ildon qaynashi, kekirish va ko`ngil aynishi kabi yoqimsiz alomatlarni bartaraf etishga yordam beradi",-deydi u.

Agar kasallik ilk bosqichda bo`lsachi?

Shifororning so`zlariga ko`ra,  bu vaqtda bemorga kerakli preparatlar buyuriladi. Uni davolashning yana bir usuli jarohlik amaliyotidir. Bunda mazkur a`zoning ma`lum qismini operativ yo`l bilan rezeksiya (kesib olib tashlash) qilinadi.

"Bu kasallik uzoq muddat davolanishni talab etadigan xastalikdir. Ayniqsa, muolajaga etarlicha e`tibor berilmasa, saratonni keltirib chiqarishi mumkin.

Oshqozon va o`n ikki barmoqli ichak yarasining oldini olishda kuniga uch yoki to`rt marta, kam-kamdan ovqatlanish, kechqurun hazmi og`ir taomlardan tiyilish, tabiiy mahsulotlar — meva, sabzavotlarni ko`proq tanavvul qilish, margarin, mayonezlardan tayyorlangan eguliklarni kamroq iste`mol qilish, ko`proq suv ichish juda muhim. Eng asosiysi, me`da xastaliklariga duchor bo`lmaslik uchun sog`lom turmush tarziga rioya qilish lozim", - deydi Feruza Hamrabaeva.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1