Qonun normalari mazmun-mohiyatini to`liq anglab, to`g`ri qo`llay olish ularning ta`sirchanligini oshirishda muhim omili hisoblanadi. Bu esa qonun hujjatlari imkon qadar sodda va ravon yozilishini, qo`llash mexanizmi ham oddiy va qulay bo`lishini taqozo qiladi.
Shu nuqtai nazardan, birinchi navbatda, taraflarning sud qarorlariga nisbatan e`tirozi – shikoyat qilish huquqini amalga oshirish tizimini maqbullashtirish, fuqarolik prosessual qonunchiligida apellyasiya institutida ayrim o`zgartirishlarni amalga oshirish ehtiyoji bor. Zero, sud qarorlariga nisbatan shikoyat taraflarning eng ahamiyatli huquqlardan biridir.
Fuqarolik prosessual kodeksining 248-moddasiga ko`ra, raislik qiluvchi sud hal qiluv qarorini o`qib eshittirish vaqtida uning ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatini tushuntiradi. Ya`ni: “Hal qiluv qarori ustidan qaror chiqarilgan kundan e`tiboran bir oy ichida ushbu sud orqali Toshkent shahar (tegishli viloyat) sudiga apellyasiya shikoyati berilishi yoxud protest keltirilishi mumkin”.
Matndagi “ushbu sud” so`zlari “hal qiluv qarorini qabul qilgan sud” ma`nosini ifodalashini amaliyotchi huquqshunos bo`lmagan ishdagi taraflar doim ham to`g`ri anglamasligi tajribalarda ko`p kuzatiladi. To`g`ri, FPKga ko`ra (384-modda, 1-bandi) Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari bo`yicha sudlov hay`atlari quyi sudlar qarorlari ustidan berilgan apellyasiya shikoyatlarini (protestlarini) ko`rib chiqadi. Biroq mazkur kodeks 385-moddasining 1-qismiga ko`ra, apellyasiya shikoyati (protesti) to`g`ridan-to`g`ri apellyasiya instansiyasi sudi nomiga yo`llansa-da, lekin u hal qiluv qarorini (ajrim, qaror) chiqargan sud orqali beriladi.
Ayni holatda qonunning tartibga solish mexanizmining tizimliligi buzilgandek ko`rinadi, oddiy mantiqqa ham ziddek tasavvur uyg`otadi. Zero, yuqorida qayd etilganidek, qonunlar oddiy, hayotiy va tushunish oson bo`lishi uchun mantiqiy tizimli ham bo`lishi kerak. Qolaversa, O`zbekiston Respublikasi «Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida»giQonunining “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek ularga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyoti”ga ko`ra, qonun loyihasining matniga nisbatan jumlalarning soddaligi va qisqaligi; ta`rifning aniqligi; bayon etishning tizimliligi va ketma-ketligi bo`yicha talablar o`rnatilgan.
Bundan tashqari fuqarolik prosessual qonunchiligida amaldagi tartibga ko`ra, sud hujjatlari ustidan shikoyatning yuqori instansiya sudi nomiga yo`llanishi, biroq u (shikoyat) sud hujjatini qabul qilgan sud orqali amalga oshirilishi yuqoridagi uslubiyot talablariga ham mos emas. Eng asosiysi, fuqarolarda tushunmovchiliklar va qonunni to`g`ri qo`llashda qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi, shu bilan birga, o`z e`tirozini aynan norozi bo`lgan sudning o`ziga topshirishi fuqaroda (taraflarda) sudga nisbatan shubha hissini yuzaga keltirishi mumkinligi ham istisno etilmaydi.
Sud hujjatlariga nisbatan berilgan apellyasiya shikoyatini ko`rish vakolati apellyasiya instansiyasiga tegishli bo`lib, berilgan shikoyatning ko`rilish-ko`rilmasligi masalasi ham aynan ushbu instansiya tomonidan hal qilinishi zarur. Apellyasiya instansiyasi tomonidan ko`riladigan shikoyatning to`g`ri yoki noto`g`ri berilganligi masalasini quyi instansiya sudi hal qilishi ham qonunning tartibga solish tizimida nomuvofiqliklarni yuzaga keltiradi. Zero, birinchi instansiya sudining qarori qanchalik qonuniy, asosli va adolatli bo`lmasin, ishdagi taraf bu qaror bilan kelishmayapti, demak, uning e`tirozi qaror qabul qilgan sudning irodasiga bog`liq bo`lishi xolislik va beg`arazlik tizimini ta`minlashda muvozanat buzilishiga ham olib keladi. O`zi ko`rib chiqadigan shikoyatning to`g`ri rasmiylashtirilgan-rasmiylashtirilmaganligini aynan shikoyatni ko`radigan sud sifatida apellyasiya instansiyasi hal qilishi, bu masala uning vakolatiga taalluqli bo`lishi lozim.
Ilgari surayotgan takliflar o`z-o`zdan muayyan kamchiliklarga ko`ra (muddat o`tganligi, sud xarajatlari noto`g`ri to`langanligi va hokazo) shikoyat qaytarishga oid tartiblarni ham apellyasiya sudi vakolatiga berishni taqazo qiladi. Bu, birinchi navbatda, fuqarolarda sud hujjati qabul qilgan birinchi instansiya sudiga nisbatan turli shubhalarga barham beradi.
Apellyasiya shikoyatlari to`g`ridan-to`g`ri shu instansiyaga berilishi shikoyatlarning ushbu bosqichga etib borishi jarayonida bir bo`g`in yoki bosqich chetlab o`tilgan bo`ladi hamda e`tirozlarga oid barcha masalalar (uni qabul qilishdan tortib, sudlov hay`atida ko`rish uchun rasmiylashtirishga qadar) tushunarli va ixcham tartib shakllanish imkoniyatini ham paydo qiladi. Eng muhimi, prosessual qonunlar mazmuni va ishlash mexanizmining unifikasiyalashuvi yuz beradi. Zero, Fuqarolik prosessual kodeksi 405-moddasining 1-qismiga ko`ra, kassasiya shikoyati (protesti) apellasiya shikoyatlari taqdim etishdan farqli ravishda bevosita O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo`yicha sudlov hay`atiga beriladi.
Sud hujjatlarini qayta ko`ruvchi ikkita instansiyaga shikoyatlarni berish tartibining turlicha ekanligi fuqarolarda anglashilmovchiliklarni yuzaga keltirayotganini yuqorida qayd etib o`tdik. Chunki, tartibga solinayotgan mexanizm bitta – sud hujjatini qayta ko`rish, lekin yuqori instansiya turiga qarab shikoyat berish tartibining o`zgarib borishi hech qanday qulayliklar keltirmayotganini amaliyot ko`rsatib turibdi.
Shuningdek, prosessual qonunlar unifikasiyalashuvining yana bir varianti bu – Fuqarolik prosessual kodeksida shikoyatlarni berish va rasmiylashtirish yuzasidan mavjud tartibni O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosessual kodeksi va Ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi kodeksdagi tartiblar bilan birxillashtirishdir.
Chunonchi, Iqtisodiy prosessual kodeksi 261-moddasi va Ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi kodeks 202-moddasi talablariga ko`ra, apellyasiyashikoyati (protesti) apellyasiya instansiyasi sudi nomiga yo`llanadi, biroq hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi. Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud shikoyat (protest) kelib tushgan kundan e`tiboran besh kunlik muddatda uni apellyasiya instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart.
Fuqarolik prosessual qonunchiligida ham bunday tartibning o`rnatilishi yuqorida qayd etilgan muayyan kamchiliklar bilan taqdim etilgan (muddat o`tganligi, sud xarajatlari noto`g`ri to`langanligi) apellyasiya shikoyatini ish yurituvga qabul qilish hamda shikoyatning taqdiriga oid barcha masalalar (uni qabul qilishdan tortib, sudlov hay`atida ko`rish uchun rasmiylashtirishga qadar) apellyasiya instansiyasi sudi tomonidan hal qilinishi imkoniyatini beradi.
Aslida FPK, IPK va MSIYuTKda sud hujjatlariga shikoyat berish muddatlari, shikoyatni ko`rib chiqish tartibining bir xil qilib belgilangani holda faqat FPKda shikoyatni rasmiylashtirish tartibining boshqacha tartibi belgilanishi mantiqqa to`g`ri kelmaydi.
Taklif etilayotgan tartib shikoyatlarning nisbatan tez ko`rilishini samaradorligini ham oshiradi, nazarimizda. Ya`ni, prosessual qonunchilikda mavjud bo`shliqlar ishdagi taraflar tomonidan suiiste`mol qilinishining oldini oladi, shikoyatlarni sudda ko`rish uchun tayyorlash va tayinlash bilan bog`liq jarayondagi noqulayliklar bartaraf etiladi.
Mavjud amaliyotga ko`ra, apellyasiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudi tomonidan FPK 385-387-moddalari talablari bajarilmagan holda apellyasiya instansiyasi sudiga yuborilgan holda, ish tegishli tarzda rasmiylashtirish uchun birinchi instansiya sudiga yuboriladi (Oliy sud Plenumi 2021 yil 20 apreldagi “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellyasiya tartibida ko`rish amaliyoti to`g`risida”gi 14-sonli qarori 9-bandining 4-xatboshisi). Ya`ni, apellyasiya shikoyatining prosessual qonunchilik talablariga rioya qilingan holda berilganligi masalasini hal qilish vakolati birinchi instansiya sudiga berilgani holda, qonunchilikda birinchi instansiya sudi ham ushbu masalani “to`g`ri berilgan” deb hal qilishda kamchiliklarga yo`l qo`yishi mumkinligi nazarda tutilmoqda. Shikoyatning to`g`ri berilgan-berilmaganligiga oxirgi bahoni apellyasiya instansiyasi berar ekan, ushbu vakolat boshidan mazkur instansiyaga taalluqli bo`lishi lozim.
Shuningdek, yuqoridagi Plenum qarori 9-bandining 5-xatboshisiga ko`ra, apellyasiya instansiyasi sudi tomonidan ish apellyasiya tartibida ko`rilayotganda boshqa shaxsdan shikoyat (protest) kelib tushgan holda ham ish FPK 389-moddasi talablarini bajarish uchun birinchi instansiya sudiga yuboriladi.
Bunday tartib esa ishlarni apellyasiya instansiyasida ko`rish muddatlariga jiddiy ta`sir qiladi, zero, amaliyotda “birinchi instansiya sudiga yuborish” kamida bir oy muddatni oladi. Vaholanki, apellyasiya instansiyasining boshqa shaxsdan kelib tushgan shikoyat (protest)ni qabul qilish masalasini hal qilishi ham muddatlar cho`zilishining va prosessual tartib yuzaga keltirgan sansalorlikning oldini oladi ham jarayonni tartibga solish mexanizmidagi tizimlilikni ta`minlaydi.
So`nggi vaqtlarda sud amaliyotida ishdagi taraflar tomonidan bunday prosessual tartibni suiiste`mol qilish holatlari ham uchrayotgani bor gap. Ayniqsa,ishda bir nechta taraflar ishtirok etayotgan holatlarda ularning har biri tomonidan navbat bilan shikoyat berilishi natijasida ish takror va takror bir necha marta birinchi instansiya sudiga qayta rasmiylashtirish uchun yuborilmoqda. Oqibatda ishdagi boshqa taraflarning asosli e`tirozlari kelib chiqmoqda, apellyasiya instansiyasi esa shikoyatni ko`ruvchi (hamda agarda kamchiliklar bilan rasmiylashtirilgan bo`lsa, ushbu kamchiliklarni ko`rsatib, qayta rasmiylashtirish uchun yuborish vakolatiga ega) sud sifatida shikoyatni bevosita qabul qila olmasligi natijasida mantiqsiz holat yuzaga kelib, mavjud tartibning o`zi sansalorlikka, huquq suiiste`moliga yo`l ochib bermoqda.
Amaldagi prosessual qonun talablariga ko`ra, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni apellyasiya instansiyasi sudida ishni ko`rish vaqti va joyi to`g`risida xabardor qilish birinchi instansiya sudi tomonidan amalga oshiriladi hamda sud majlisining vaqti ham ushbu sud tomonidan belgilanadi.
So`nggi yillarda apellyasiya shikoyatlari ko`payib borayotgani sir emas. Shikoyatlarning ko`rilish vaqti birinchi instansiya sudlari tomonidan belgilanishi tufayli amaliyotda bir vaqtda bir nechta ishlarning tayinlanishi, natijada fuqarolarning sud majlisini uzoq vaqt kutib qolishi holatlari ham yuz bermoqda. Taklif etilayotgan o`zgartirishga ko`ra, shikoyatlar apellyasiya instansiyasiga to`g`ridan to`g`ri berilsa, sud majlislari vaqti ham shu instansiya tomonidan mavjud jadvalni inobatga olgan holda tayinlanadi. Bu esa turli sansalorlik va e`tirozlarning oldi olinish imkoniyatini beradi.
O`rtaga tashlanayotgan takliflar fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish jarayonining uzviy qismi bo`lgan sud hujjatlarini qayta tekshirish institutini yanada takomillashtirish orqali apellyasiya instansiyasi instituti faoliyatining samaradorligi oshishini ta`minlaydi deb hisoblaymiz. Shuningdek, bugungi kunda shunday ham ish yuklamasi katta bo`lgan birinchi instansiya sudlari ishini birmuncha osonlashtirishga xizmat qiladi.
Shuhrat ABBASOV,
Toshkent shahar sudi raisi o`rinbosari —
fuqarolik ishlari bo`yicha sudlov hay`ati raisi