Kundalik.com — raqamli ta`lim platformasi bo`lib, o`qituvchilar uchun onlayn rejimda darslarni rejalashtirish, dars ishlanmalarini tuzish, o`quvchilarning davomati va yutuqlarini jurnal hamda kundalikning elektron shakllarida yuritish imkonini yaratadi. Uning yordamida statistik hisobotlar avtomatik tarzda yuritiladi va qo`lda yozish shart emasligi bois vaqt behuda sarflashning oldi olinadi.
Mazkur tizim O`zbekistonning ichki internet tarmog`i — TAS-IX hududida joylashganligi sababli platforma bilan ishlashda uyali aloqa operatorlari orqali foydalaniladigan internet-trafik sarflanmaydi. Shu bilan birga tizim internet tarmog`i etib borgan va yaxshi aloqa sifati ta`minlangan hududlardagi maktablargagina joriy qilingan. Tabiiyki, internet aloqasi mavjud bo`lmagan (masalan, tog`li qishloqlar) hududlardagi maktablar an`naviy kundalik daftarlaridan foydalanishi davom etmoqda.
Kundalik.com majburiymi?
Kundalik.com tizimiga obuna bo`lish ota-onalar uchun ixtiyoriy sanaladi. Foydalanuvchilar to`g`risidagi barcha ma`lumotlar “O`zbektelekom” serverlarida saqlanadi. Bu esa o`quv jarayonlariga aloqador barcha ishtirokchilarning shaxsiy ma`lumotlari ishonchli himoyada ekanligini anglatadi.
Mazkur tizimning afzalliklari shundaki, bu orqali, avvalo, o`qituvchining vaqti tejaladi, ularga elektron jurnaldan foydalanish bepul taqdim etiladi. Misol sifatida aytish lozimki, qator rivojlangan mamlakatlar o`qituvchilari buning yordamida har chorakda 20 soatdan ortiq ish vaqtini tejaydi. Mazkur tejalgan vaqtni esa o`qituvchi bolalar bilan ijodiy shug`ullanishga yoki qo`shimcha o`quv materiallarini o`zlashtirishga sarflashi mumkin.
Tizimga a`zo bo`lish narxi qancha?
Kundalik.com loyihasi to`liq investisiya mablag`lari hisobidan moliyalashtirilgan bo`lib, dasturiy mahsulotni yaratish, uni maktablarga joriy etish, saqlash va rivojlantirish uchun byudjet mablag`lari sarflanmaydi.
Mazkur elektron kundalikning narxi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi hamda Xalq ta`limi vazirligi tomonidan qog`oz kundalik narxiga mos tarzda belgilangan hamda yildan yilga arzonlashtirilib borilmoqda. Xususan, 2020 yilda uning yillik obuna narxi (365 kun) 9200 so`m etib belgilangan bo`lsa, 2021 yilda bu ko`rsatkich 8600 so`mni, 2022 yilda 8000 so`mni tashkil etmoqda.
Ota-onalar uchun qanday qulayliklari bor?
Ta`kidlash lozimki, Kundalik.com tizimi ota-onalar uchun qator qulayliklarni yaratadi. Jumladan, onlayn tarzda:
• farzandlarining darsga qatnashayotgani;
• darsni qay darajada o`zlashtirib borayotgani;
• ertangi kungi uy vazifalari xususida tezkor ma`lumotlarga ega bo`lishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Kundalik.com tizimi o`qituvchilar va ota-onalarning o`zaro mustahkam hamkorligini ta`minlashda ishonchli ko`prik bo`lib xizmat qiladi.
06.09.2022 16:04
Kundalik.com tizimiga obuna bo`lish ota-onalar uchun ixtiyoriy — XTV
