Bugun, 7 sentyabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.
Qayd etilishicha, uni Tanzila Narbaeva olib bordi.

Majlisda Oliy Majlis Senatining o`ttiz ikkinchi yalpi majlisini 2022 yil 13 sentyabr kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilingan.

Ta`kidlanishicha, navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalar ko`rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Senatorlar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o`rinbosari to`g`risidagi masalani muhokama qiladilar.
Shu bilan birga, yalpi majlisda bir qator qonunlar ko`rib chiqiladi. Xususan, “Elektron tijorat to`g`risida”gi, “Tashqi mehnat migrasiyasi to`g`risida”gi, “Elektron raqamli imzo to`g`risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartishlar kiritish haqida”gi hamda “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonunlar ham ko`rib chiqilishi aytiladi.
"Yalpi majlisda O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2022 yil I yarim yilligi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining 2022 yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati to`g`risidagi axborotini eshitish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Farg`ona viloyatining Uchko`prik, O`zbekiston, Dang`ara, Qo`shtepa, Toshloq, Farg`ona tumanlari va Qo`qon, Marg`ilon, Farg`ona shaharlari chegaralarini o`zgartirish, shuningdek, Namangan viloyatining To`raqo`rg`on tumani va Namangan shahri Davlatobod tumanining hamda Namangan shahrining chegaralarini o`zgartirish to`g`risidagi masalalar ham ko`rib chiqiladi.
Shuningdek, senatorlar Boyovut, Qarshi, Olot, Bo`ston va To`raqo`rg`on tumanlari hamda Kattaqo`rg`on shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosini o`rganish natijalarini muhokama qiladi",-deyiladi O`zbekiston Oliy Majlisi Senati axborot xizmati xabarida.






