Kuni kecha ijtimoiy tarmoq sahifalarida Mirobod tumanidagi 110-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktabi kiyinish xonasiga video kuzatuv kameralari o`rnatilganligi va bundan ota-onalar norozi ekanligi haqidagi xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar xalq ta`limi Ishchi guruhi o`rganish olib borgani haqida ma`lum qildi.
Unga ko`ra, haqiqatan maktab ma`muriyati o`quvchilar kiyinish xonasiga video kuzatuv kamerasi o`rnatgan. Garchi, bu etika va axloq qoidalariga zid bo`lsa-da, ushbu holatni maktab direktori U.Rashidova keyingi paytlarda o`quvchilar o`rtasida o`g`irlik va shunga o`xshash holatlarni oldini olish, ular o`rtasida tartib-intizom o`rnatish, nazoratni kuchaytirish hamda o`quvchilar hushyorligini oshirish maqsadida Ota-onalar kuzatuv Kengashi taklifiga ko`ra, kamera o`rnatishga majbur bo`lganligi bilan izohladi. Jumladan, o`quvchilar jismoniy tarbiya darsi mashg`ulotlariga chiqqan mahalida bir necha marotaba mobil telefon, taqinchoqlar, pullar yo`qolgan. Bu kabi noxush holatlar bo`yicha bir necha marotaba ichki ishlar idoralari vakillari, ota-onalar ishtirokida bayonnomalar tuzilgan. Bu kamera orqali faqat yuqoridagi kabi ko`ngilsiz holat sababchilarini aniqlash ko`zda tutilgan, xolos. Unda kamera tasvirga olgan lavhalar jamoatchilikka taqdim etilmagan, video kuzatuv faqat direktor xonasida o`rnatilgan “pult” orqali amalga oshirilgan. Nafaqat, kiyinish xonasidagi, balki ta`lim muassasasidagi mavjud 250 ta video kuzatuv kameralari faqatgina maktab direktori nazoratida bo`lishi qat`iy belgilab qo`yilgan.
Kecha maktab ma`muriyati tomonidan kiyinish xonasidagi kamera olib tashlangan.
"Shu o`rinda bir savol tug`iladi, hurmatli ota-onalar farzandlari orqali vaziyatga oydinlik kiritib, holatni tasvirga olishgan ekan, nega dastlab maktab ma`muriyatiga o`z e`tirozlarini bildirishmadi? Qolaversa, kamera o`rnatish tashabbusi maktab ma`muriyatining emas, Ota-onalar kuzatuv Kengashi vakillaridan chiqqanku?! Bu kabi ichki muammolarni turli ijtimoiy tarmoq sahifalarida doston qilish qaysi odob-axloq qoidasiga to`g`ri keladi?! Axir bu kabi ta`lim muassasalarida o`z farzandingiz ta`lim oladi. Shunday ekan, tanganing ikkinchi tomoni ham borligi hisobga olinsa ayni muddao bo`lar edi", - deya jamoatchilikka murojaat qiladi XTB






