AsosiyJamiyat

"Toshkentda yana 10 ming o`rinli qo`shimcha yotoq joy yaratiladi" – Ortiqxo`jaev

'"Toshkentda yana 10 ming o`rinli qo`shimcha yotoq joy yaratiladi" – Ortiqxo`jaev'ning rasmi

Bugun, 9 sentyabr kuniToshkent shahar hokimligida ayni mavzuda yig`ilish o`tkazildi.

Unda bugungi kunda dolzarb masala bo`lib turgan talabalarni turar joy bilan ta`minlash, ular uchun yotoq o`rinlarini yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi, deya xabar bermoqda hokimlik.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimi so`z olib, poytaxt azal-azaldan ilm-ma`rifat markazi bo`lgani, u talabalar bilan doim gavjum va fayzli ekanini inobatga olib, bugungi kunda yuzaga kelayotgan ushbu masalani hamjihatlikda tezkorlik bilan echish muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidlagan.

Shundan so`ng, so`zga chiqqan Toshkent moliya instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent davlat pedagogika, Toshkent davlat texnika, O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar va O`zbekiston milliy universitetlari, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektorlari yotoqxonalarda mavjud o`rin joy, ularda talabalarning joylashtirilganlik holati hamda yana qancha joyga ehtiyoj borligi haqida ma`lumot bergan. 

Qayd etilganidek, ayni paytda Toshkent shahridagi oliy o`quv yurtlarining 92 tasida yotoqxona quvvati 35636 o`rinni tashkil etadi. Bugungi kunda 27354 nafar talabaning yotoq joy bo`yicha ehtiyoji qondirildi. Ishlar jadallik bilan davom etmoqda.  

Ta`kidlanishicha, bundan tashqari 2022 yilda davlat-xususiy sheriklik loyihalari, oliygoh va budjet mablag`lari hisobi hamda investisiya dasturi doirasida yana 30 956 o`rinli 60 ta loyihalar amalga oshirilmoqda.  

Yig`ilishda vazirlik mas`ullari tomonidan ko`rilayotgan bu kabi choralar etarli emasligi, boshqa imkoniyatlarni ham izlab topish kerakligi ta`kidlanib, qator takliflar o`rtaga tashlangani aytiladi.

Shundan so`ng, J.Ortiqxo`jaev poytaxtning Yangihayot tumanida bunyod etilgan «Tashkent indeks» savdo-ishlab chiqarish majmuasi hududida bo`sh turgan 10 ming o`rinli tadbirkorlar binosini bir hafta muddatda davlat xususiy sheriklik shartlari asosida talabalar uchun turar joyga aylantirish taklifini bergan. Mazkur taklif yig`ilish ishtirokchilari tomonidan munosib qarshi olingan.  

Yig`ilish so`ngida oliy ta`lim muassasalari mas`ullariga zudlik bilan mavjud ehtiyoj bo`yicha ma`lumotlarni shakllantirish vazifasi qo`yilgan.

    Boshqa yangiliklar