AsosiySport

“Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sport elchilari” xalqaro tadbiri doirasida fleshmob va mahorat saboqlari tashkil etildi(foto)

'“Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sport elchilari” xalqaro tadbiri doirasida fleshmob va mahorat saboqlari tashkil etildi(foto)'ning rasmi

Joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida o`tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a`zo davlatlar rahbarlarining sammiti oldidan mintaqaning sport oilasi o`rtasidagi do`stlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda.

Samarqanddagi sammit oldidan ilk bor yo`lga qo`yilgan “Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sport elchilari” loyihasi buning uchun ajoyib platforma vazifasini bajarib berdi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi xabar berdi.

Yodingizda bo`lsa, 19-21 may kunlari Toshkent shahri ilk bor tashkil etilgan ShHTga a`zo mamlakatlar vakillarining jismoniy tarbiya va sport bo`yicha vazirlik hamda idoralari rahbarlari ishtirokidagi yig`ilishiga mezbonlik qilgandi. Mazkur yig`ilish doirasida o`tgan uchrashuvlar mintaqada jismoniy tarbiya va sport rivoji yo`lida tinchlik va do`stlik rishtalarini yanada mustahkamlovchi vosita bo`ldi.

Toshkentda o`tkazilayotgan “Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sport elchilari” loyihasi ham o`zining ijobiy samarasini berdi. Ushbu tadbir avvalida kecha, 9 sentyabr kuni “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Sportni rivojlantirish vazirligi va MOQ mutasaddilari, shuningdek, mintaqaning taniqli 7 nafar sportchisi spikerligida o`tgan anjuman mamlakatlarning sport sohasida qanchalik do`stona aloqada ekanini ko`rsatib berdi.

Kecha loyihaning ikkinchi qismi doirasida o`zbek va jahon sporti yulduzlari ishtirokida mahorat saboqlari hamda fleshmob tashkil etildi.

Fleshmob doirasidagi ommaviy marosimda dastavval “O`zbekistonga xush kelibsiz” nomi ostida maxsus rolik namoyish etildi. Tabiiyki, bu orqali yurtimiz mehmonlari davlatimiz, uning sport sohasidagi yutuqlari haqidagi bilimlarini yanada boyitib olishdi.

 

So`ngra tadbirning rasmiy ochilish marosimi o`tkazildi. Unda O`zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya Kengashi vise-prezidenti Otabek Umarov, shuningdek mamlakatimizdagi xorijiy diplomatik korpuslarning mas`ul xodimlari, jumladan janob Prabhat Manish (Hindiston), Leonid Marinich (Belarus) va boshqalar, vazirlik hamda Milliy Olimpiya qo`mitasi mutasaddilari ishtirok etishdi.


Shundan so`ng o`zbek jang san`ati, taekvondo, turon jang san`ati, karate, gimnastika, u-shu kabi sport turlaridan ko`rgazmali chiqishlar namoyish etildi.

Unda so`zga chiqqan Sportni rivojlantirish vaziri A.Ikramov ushbu tadbirning ahamiyati va uning mamlakatlar o`rtasida sport aloqalarini mustahkamlashdagi o`rniga alohida to`xtalib o`tdi.

“Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sport elchilari” sifatida poytaxtimizga mintaqaning quyidagi mashhur sportchilar tashrif buyurishdi:

Abdulrashid Sadulaev (Rossiya) – erkin kurash bo`yicha ikki karra (Rio-2016 va Tokio-2020) Olimpiya o`yinlari chempioni, 5 karra jahon chempioni;

Ahmed Gadjimagomedov (Rossiya) – Erkin kurash bo`yicha jahon chempionati sovrindori;

Musa Evloev (Rossiya) – yunon-rum kurashi bo`yicha Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni;

Kamshibek Konkabaev (Qozog`iston) – boks bo`yicha Tokio-2020 Olimpiya o`yinlari sovrindori, 2 karra jahon chempionati kumush medal sohibi;

Saken Bibosinov (Qozog`iston) – boks bo`yicha Tokio-2020 Olimpiadasi sovrindori;

Muhammad Nuh (Pokiston) – og`ir atletika bo`yicha Birmingem-2022 Hamdo`stlik o`yinlari g`olibi;

Shoira Zulqaynarova (Tojikiston) – boks bo`yicha 2 karra Osiyo chempionati sovrindori;

Xushqadam Xusravov (Tojikiston) – sambo bo`yicha jahon chempioni;

Ramazon Qodirbekov (Qirg`iziston) – o`q otish bo`yicha ko`plab xalqaro turnirlar g`olibi va sovrindori.

Shuningdek, ular qatorida Bahodir Jalolov, Oksana Chusovitina, Ruslan Nurudinov, Akbar Jo`raev, Ulug`bek Rashitov, Isroil Madrimov kabi o`zbek sportining yorqin yulduzlari ham tadbirda hozir bo`lishdi.

Shubhasiz, bunday ko`tarinki ruhda tashkil etilgan ommaviy sport bayrami mamlakatimizda Prezidentimiz ilgari surayotgan sog`lom turmush tarzi targ`iboti va yoshlarda sportga bo`lgan qiziqishni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

    Boshqa yangiliklar