AsosiySiyosat

Arab davlatlariga muloqot bo`yicha hamkor maqomi berilishi Yaqin Sharq davlatlarining Shanxay guruhiga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi

'Arab davlatlariga muloqot bo`yicha hamkor maqomi berilishi Yaqin Sharq davlatlarining Shanxay guruhiga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi'ning rasmi

Joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlarning 22-sammiti bo`lib o`tadi va bu O`zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasidagi yilning eng yirik diplomatik voqeasi bo`ladi. Unda ShHTning barcha 8 ta to`laqonli a`zosi, 3 ta kuzatuvchi davlatning davlat va hukumat rahbarlari, bir qator davlatlar va 10 ta xalqaro tashkilotning taklif etilgan rahbarlarining jonli ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Sammitni o`tkazish bilan bog`liq umidlar, birinchi navbatda, tashkilotning o`sib borayotgan nufuzi, siyosiy salmog`i, iqtisodiy salohiyati va xalqaro jozibadorligi bilan bog`liq.

Bugungi kunda ShHT – dunyo aholisining qariyb yarmi istiqomat qiluvchi Evroosiyo hududining 60 foizini egallagan eng yirik mintaqaviy tashkilot.

A`zo davlatlarning o`zaro savdo va investisiyalarini rivojlantirish ularning  Evroosiyoning transport aloqalarini kengaytirish, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Evropa yo`nalishida yangi transport yo`laklarini yaratish bo`yicha noyob imkoniyatlarini ro`yobga chiqarishga ham yordam berishi mumkin. Bu jarayonlarning jadallashuviga raqamli transformasiya, eng yangi texnologiyalarni faol joriy etish va umuman, ilmiy-texnikaviy, ta`lim, madaniy-gumanitar aloqalarning kengayishi yordam beradi.

O`zbekiston o`zining raisligi davrida boshqa a`zo davlatlar bilan hamjihatlikda ShHT faoliyatiga a`zo davlatlarning ham, jahon miqyosida ham e`tiborni jalb qilish borasida ko`p ishlarni amalga oshirdi.

Toshkent tomonidan belgilab berilgan hayotchan kun tartibi (80 dan ortiq tadbir), o`tkazilayotgan tadbirlarning innovasion va natijaga yo`naltirilgan uslubi Tashkilot haqidagi yangi xalqaro voqelikka moslashish va faoliyatini takomillashtirish, ko`p tomonlama hamkorlik samaradorligini oshirish yo`llarini faol izlayotgan jonli tuzilma sifatidagi tasavvurni sezilarli darajada yaxshiladi.

O`zbekiston raisligi davrida uning asosiy e`tibori sanoat va texnologik kooperasiyani rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot, mintaqaaro ichki savdo va transport aloqasining bog`liqligi, xavfsizlikni ta`minlash va kibertahdidlardan himoya qilish kabi masalalarga qaratildi.

O`zbekistonning raisligi mamlakatimizda faol amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar dasturini ham, yangicha tashqi siyosatni, ayniqsa, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek mintaqaning etakchi davlatlar va birlashmalar bilan o`zaro hamkorligini kengaytirish borasidagi sa`y-harakatlar samaradorligini ham namoyish etish imkonini berdi. 

Aftidan, bu masalalar Shanxay tashkiloti sammitida ham diqqat markazida bo`ladi, chunki bizning mintaqamiz Shanxay guruhining Evroosiyo qismini Janubiy Osiyo bilan bog`lovchi ShHTning geografik o`zagigina emas. Yanada jipslashgan va kooperasiyani kuchaytirgan Markaziy Osiyo a`zo davlatlarning o`zaro hamkorligini mustahkamlash, o`zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishning muhim omiliga aylanib borayotgani birdek muhim.

O`zbekiston raisligining salmoqli natijalari va imzolash uchun taqdim etilayotgan yirik bitimlar to`plami ShHT o`rtasidagi hamjihatlikning ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Tashkilotning ko`p qirrali hamkorligini kengaytirishga qaratilgan 30 dan ortiq hujjatning qabul qilinishi kutilmoqda.

A`zo davlatlarning ko`p tomonlama hamkorlikning asosiy masalalari va zamonaviy xalqaro munosabatlarning eng muhim muammolari bo`yicha kelishilgan yondashuvlari sammitning yakuniy siyosiy hujjati – Samarqand deklarasiyasida o`z ifodasini topadi.

Boshqa muhim qarorlar qatorida Tashkilotga a`zo bo`lish uchun qo`shilishi kerak bo`lgan ShHTning asosiy hujjatlaridan biri - Uzoq muddatli yaxshi qo`shnichilik, do`stlik va hamkorlik to`g`risidagi shartnomani amalga oshirish kompleks rejasining qabul qilinishi alohida e`tiborga loyiqdir. 

Sammitda O`zbekiston tashabbusi bilan qabul qilinadigan O`zaro bog`liqlikni rivojlantirish va samarali transport yo`laklarini yaratish bo`yicha hamkorlik konsepsiyasi Evroosiyoning ulkan transport-logistika salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan innovasion hujjatdir. Uning amaliyotga tatbiq etilishi kelajakda ShHT makonida “O`zbekiston-Qirg`iziston-Xitoy” va “Termiz-Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar” temir yo`llari va “Shimol-Janub” XTY kabi ko`p tarmoqli transport yo`laklari tarmog`ini shakllantirish imkonini beradi.

Toshkent tomonidan ilgari surilgan yana bir g`oya - sanoat kooperasiyasini rag`batlantirish dasturi tashkilotga a`zo davlatlar sanoatini rivojlantirish, o`zaro ishlab chiqarish sarmoyalarini ko`paytirish va ShHT makonida mintaqalararo ta`minot zanjirlarini shakllantirishga qaratilgan.

Sammitning bir qator qarorlari Shanxay tashkilotining kengayishi jarayonida yangi sahifa ochadi. Eng muhim hujjat bu Eronning qo`shilish bo`yicha majburiyat to`g`risidagi memorandumi bo`lib, Hindistonda bo`lib o`tadigan navbatdagi sammitda Tehronga Tashkilotga to`laqonli a`zo bo`lish imkonini beradi.

Bundan tashqari, bir qator arab davlatlari muloqot bo`yicha hamkorlar maqomini oladi – Saudiya Arabistoni, Qatar va Misr bilan tegishli memorandumlar imzolanadi, ularning oxigisi esa Afrikadagi “ShHT oilasi a`zo” birinchi davlatga aylanadi. Bahraynning ham ushbu maqom uchun arizasi ma`qullanishi kutilmoqda.

Shunday qilib, Eronning a`zo davlatlar tarkibiga kirishi va arab davlatlariga muloqot bo`yicha hamkor maqomi berilishi Yaqin Sharq davlatlarining Shanxay guruhiga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi. Saudiya Arabistonining "Arab News" nashri ta`kidlaganidek, “ShHT Osiyoda katta shuhrat qozondi. Yaqin Sharqdagi bir qator davlatlar dialog hamkori, kuzatuvchi va ishtirokchi sifatida ishtirok etish uchun saf tortmoqda”.     

Bu O`zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining arab-musulmon dunyosi davlatlari va ularning birlashmalari, masalan, Fors ko`rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi yoki Arab mamlakatlari ligasi bilan siyosiy muloqot va amaliy hamkorlikni yanada faollashtirishiga xizmat qilishi mumkin.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar rahbarlarining Samarqand uchrashuvining muhim jihatinishuningdek, bamisoli“sammit maydoni”dagi yuqori darajadagi diplomatik faollik,deb hisoblasa bo`ladi. A`zo davlatlar rahbarlari hamda sammitning boshqa ishtirokchilari va mehmonlari o`zaro munosabatlarning eng muhim masalalarini muhokama qilish uchun ikki tomonlama va hatto uch tomonlama formatda bir qator uchrashuvlar o`tkazadi. Aytish mumkinki, shu kunlarda Samarqand bir muddat “Evrosiyoning diplomatik poytaxti”ga aylanadi.

Bu O`zbekiston uchun hamkorlar bilan jadal diplomatik aloqalar o`rnatish va qator davlat rahbarlarining mamlakatimizga rasmiy tashriflari uchun qulay imkoniyat bo`ladi. Bu ShHT sheriklari bilan siyosiy muloqot va o`zaro manfaatli hamkorlik, jumladan, qator aniq loyihalarni amalga oshirish bo`yicha kelishuvlarga erishishda sezilarli yutuqlarga erishish imkonini beradi.

Umuman olganda, O`zbekiston diplomatiyasining ShHTga raislik davridagi mashaqqatli mehnati barcha a`zo davlatlarning faol ishtiroki va ko`magida ko`p qirrali hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari bo`yicha o`zaro hamkorlikning sezilarli faollashuvini ta`minladi, deb xulosa qilish mumkin. Hamkor mamlakatlar diplomatlari bo`lajak sammit Shanxay tashkiloti rivojida yangi sahifa ochishi, uning xalqaro nufuzi va Evroosiyoning bepoyon kengliklarida xavfsizlik va taraqqiyot muammolarini hal etishdagi rolini mustahkamlashda salmoqli natijalarga erishishini ta`kidlamoqda.

Doniyor Qurbonov,
O`zbekiston Respublikasi TIV 
Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi direktori v.b. 

    Boshqa yangiliklar