Senatning 32-yalpi majlisida Navoiy va Samarqand viloyatlarida yangi ish o`rinlarini yaratish va aholi bandligini ta`minlash bo`yicha amalga oshirilgan ishlarni o`rganish natijalari muhokama etildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, mazkur hududlarda ish o`rinlari to`g`risidagi umumiy hisobotni shakllantirishda takrorlanuvchi raqamlarni chegirib tashlash, soliq organi va Yagona milliy mehnat tizimi elektron ma`lumotlari bazasiga muvofiqligini ta`minlash ishlari oxiriga etkazilmagan.
Jumladan, Samarqand viloyatida turizm yo`nalishida yakka tartibda tadbirkorlik sub`ektlarini tashkil etish hisobiga yaratilgan 5,2 ming ish o`rni bir vaqtning o`zida tadbirkorlikni rivojlantirish yo`nalishida yaratilgan ish o`rinlarida ham takror qayd etilgan.
Xizmatlar sohasida ish o`rinlari yaratish ko`rsatkichlari asosan o`zini o`zi band qilish hisobiga bajarilgan bo`lib, yangi ob`ektlarni tashkil etish hisobiga yaratilgan ish o`rinlari Samarqand viloyatida atigi 24,8 %ni, Navoiy viloyatida esa 20,3 %ni tashkil qilgan.
Yangi ish o`rinlari yaratilgan ayrim tadbirkorlik sub`ektlari ro`yxatdan o`tganiga bir-ikki oy bo`lishiga qaramay, faoliyatini to`xtatib qo`yganligi qayd etildi.
Ko`rib chiqilgan masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.






