“Dyuti fri” va “taks fri” tizimlarini joriy etish bo`yicha qaror imzolanganidan 3 yil o`tganiga qaramay, bu borada sustkashliklarga yo`l qo`yilayotgani tanqid qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Turizm vaziri A.Abduhakimov, moliya vaziri T.Ishmetov, Soliq qo`mitasi raisi Sh.Qudbiev va Bojxona qo`mitasi raisi A.Mavlonov qat`iy ogohlantirildi: ushbu tizim 2023 yil 1 yanvardan to`liq ishga tushishi shart.
Videoselektor yig`ilishida sayyohlik tashkilotlariga qo`yilgan talablarni soddalashtirish zarurligi ta`kidlandi.
Misol uchun, bugungi kunda mehmonxona tashkil etish uchun 97 ta, “yulduz” olish uchun esa 138 ta talab mavjud.
“Agar turizm sohasida raqobat qilishni istasak, birinchi navbatda, mehmonxonalar sifatiga alohida e`tibor qaratishimiz zarur”, dedi Prezident.
Mehmonxonalar tashkil etish uchun talablarni xalqaro standartlar asosida soddalashtirish topshirildi.
Turistlarni ichki ishlar idoralarida ro`yxatga olish tizimi ham engillashtirilishi lozimligi ko`rsatib o`tildi.
“Eng rivojlangan mamlakatlar ham har bir turist uchun talashayotgan paytda, bizdagi ortiqcha cheklovlarni hammasini qayta ko`rib chiqish kerak”, dedi davlatimiz rahbari.
Shu munosabat bilan turizm va ichki ishlar vazirlariga xorijiy turistlarni ichki ishlar idoralarida vaqtinchalik ro`yxatdan o`tkazish uchun ruxsat olishdan onlayn xabardor qilish tartibiga o`tkazish topshirildi.






