O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 77-sessiyasidagi nutqidagi muhim mavzulardan biri iqlim o`zgarishiga qarshi kurash bo`ldi.
Ta`kidlanganidek, O`zbekiston "yashil" kun tartibining dolzarb masalalarini ilgari surish va iqlim o`zgarishi jarayonlarini jilovlash borasidagi ko`p tomonlama sa`y-harakatlarda faol ishtirok etishga tayyordir.
Respublika Parij kelishuvi doirasida issiqxona gazlarini kamaytirish bo`yicha qo`shimcha majburiyat olgani, "yashil" iqtisodiyotga o`tish va qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish bo`yicha keng qamrovli strategiyani amalga oshirayotgani qayd etildi.
77-sessiya ishtirokchilarining e`tibori O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning kelgusi besh yil ichida butun mamlakat bo`ylab 1 milliard daraxt va buta ekishni nazarda tutuvchi "Yashil makon" keng ko`lamli tashabbusiga qaratildi.
O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Orol dengizining qurishi muammosiga alohida to`xtalib o`tdi. Respublikada ushbu ekologik falokat oqibatlarini yumshatish, Orolbo`yi mintaqasini ekologik va gumanitar inqiroz hududidan ekologik innovasiyalar va texnologiyalar zonasiga aylantirish bo`yicha tizimli ishlarni olib bormoqda. Xususan, so`nggi 5 yil ichida qurigan dengiz tubida 1,7 million gektar o`rmon plantasiyalari o`tqazildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2021-yil may oyida BMT Bosh Assamleyasi "Orolbo`yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar zonasi deb e`lon qilish to`g`risida"gi maxsus rezolyusiyani qabul qilindi.
V.Norov yaqin muddatda mamlakatimizda sohaga doir qator xalqaro tadbirlar, shu jumladan, BMT shafeligida O`zbekistonda Birinchi Orolbo`yi xalqaro forumi, BMTning yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlarini saqlash to`g`risidagi konvensiyasi tomonlarining 14-konferensiyasini, shuningdek Cho`llanishga qarshi Konvensiyani amalga oshirishni ko`rib chiqish bo`yicha Qo`mitaning navbatdagi yig`ilishi o`tkazilishini e`lon qildi.