1

“Meni kechirish mumkinmi?..”

Mutolaa 19.08.2016, 15:34
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim
“Meni kechirish mumkinmi?..”

“Ilm yo`lida turmushga chiqishni ortga surgan, natijada qari qizga aylangan”

Elektron manzilimizga kelgan ushbu maktub, ochig`i bizni biroz o`yga toldirdi. Lekin ba`zi kishilarni mushohadaga, saboq ko`chasiga boshlashi mumkinligini o`ylab, e`tiboringizga havola qilishga jazm etdik. Ism sharifini sir saqlashimizni so`ragan muxlisamiz xatini shunday boshlagandi...

“Ushbu maktubim aslida tahririyatga emas, sizga atalgan. Sizni hamon unutolmayman. Ehtimol, bu menga berilgan jazodir. Balki muhabbatning kuyib kul bo`lgan, o`zidan qoldirgan xunuk dog`idir. Lekin bilamanki, muhabbatning o`zi emas. Sababi, men o`zimni sevishga qodir deb hisoblamayman. Yanayam to`g`rirog`i, loyiq bilmayman...

Ramazon oyini poklanish, mag`firat, iltijolar oyi deyishadi. Xudodan so`raganim, meni kechirsin va sizga boshqa yuzlashtirmasin! Ko`zlaringizga, o`sha musaffo, beg`ubor ko`zlaringizga boqishga toqatim yo`q!

Nega taqdir ikkimizning yo`llarimizni bog`ladi? Nima uchun sizdek pok, sofdil insonga mendek tuban, razil qizni ro`baro` qildi?

So`zlarim poyintar-soyintar...

Sizni o`ylasam doim shunday bo`ladi. Miyamga birdan juda ko`p fikr yog`ilib keladi va zumda tum-taraqay qocha boshladi. Men bir to`da yovvoyi kabutarlar ichiga tushgan va ularni tutishga urinayotgan ovchi kabi shoshib qolaman. Mana hamma gapim poyonsiz osmonga sochilib ketgandek g`oyib bo`ldi. Nima deyishni ham bilmay qoldim. Keling, yaxshisi, boshidan gapira qolay...

Sizni aslida meng ko`ngil qo`ygan yigit  yaqindan tanirdi. Yanayam to`g`rirog`i, u bilan bitta korxonada aka-ukadek ishlagansizlar. Ha, aynan aka-ukadek. Siz - aka, mening ko`ngil qo`ygan yigitim uka bo`lgan. Chunki sizning yoshingiz bizdan ancha katta, yana bir marta turmushingiz buzilib ham ulgurgandi.

Biz esa «ukangiz» bilan shu qadar otash-alanga ichida edikki, boshimizga hijron soya solmoqda edi. Uni  bilmadim-u, bundan men telba bo`lar darajaga kelayotgandim. Sababi, poytaxtdagi tahsilim, muhabbatimni uchratishim, u bilan ahdu paymon qilib, tosh shaharda qolishim, ijara uyda birga yashay boshlaganimizga ham etti-sakkiz yil bo`lib qolgandi. Men unga shu qadar ishonganimdan u bilan shar`iy nikoh o`qitishga ham rozi bo`lgandim, Binobarin, agar unga turmushga chiqmasam, boshqaning  ham umr yo`ldoshi bo`lolmasdim.  

Afsuski, Uning  aytishicha, uydagilari to`yimiz tugul, hatto biznikiga sovchi bo`lib borishga ham rozilik bermabdi.

—  Onam xuddi Farmon bibining o`zginasi. Aytgani aytgan, degani degan, — dedi u o`zini oqlab. — Men seni sevishimni aytdim. “Uydan bosh olib ketaman”, deb ham qo`rqitdim. “Oq qilaman”, dedi onam tap tortmay. Nima qilay, onamning qarg`ishiga qolaymi? 

Men piq-piq yig`lagancha bosh chayqadim. 

—  Sen siqilma, — dedi u yana. — Men baribir sen bilan yashayman. Chunki sensiz yasholmayman. Onam fotiha qilgan qiz o`zimizning qishloqdan, ona suti og`zidan ketmagan, dovdir, ovsar qizaloq. Hali u bilan rasmiy nikohdan ham o`tolmaymiz. Yosh chunki...  

—  Fotihangiz ham bo`ldimi? — chinqirib yuboray dedim. 

—  Bo`ldi. Bo`lmagan bo`lsa endi bo`ladi... — bidirlashda davom endi u. — U qiz bilan hecham rasmiy nikohdan o`tmayman. Ya`ni, nomiga qishloqdagi xotinim bo`lib yuraveradi. Asosiy oilam sen bo`lasan! Har doim sen bilan bo`laman. Shaharda, yoningda.

—  Men shunaqa yuraveramanmi? Yoshim ham o`ttizga borib qoldi, sizni deb. Kutib-kutib... 

—  Yo`q... — dovdiradi u. — Rasmiy nikohim sen bilan bo`ladi. Faqat... birdan emas. Mana bu to`y o`tsin, onam sal hovuridan tushsin! Keyin u bilan ajrashaman-da, senga uylanaman...

Yig`ladim, siqtadim, o`zimni o`ldirmoqchi ham bo`ldim. Lekin biribir taqdirga tan berishimga to`g`ri keldi. Sababi, ko`ngil qo`ygan shahzodam rostdan ham xotinini shaharga olib kelmadi. Pasporti  ham top-toza, rasmiy nikohi yo`q. Har doimgidek yonimda. 

—  Meni rostdan sevarkansiz-a? — dedim yana bor g`amni unutib. — Endi kichkinagina bo`lsa ham to`y qilaylik. Uyga bora olmay qoldim. Ota-onam xol-jonimga qo`ymayapti “turmushga chiq” deb...

—  Birdan to`y dema. O`zi endi to`ydan chiqdik. Pul qayda?

—  Men shunaqa yuraveramanmi? — alamdan yonib ketay dedim.

—  Xafa bo`lmasang, bir gap aytaman. Faqat to`g`ri tushun. Bu ikkimizning baxtimiz uchun! Bilasanmi, ishxonamizda bir erkak bor. Sendan o`n yoshcha katta. Oilasi bilan ajrashgan. Asosiysi, Toshkentda doimiy ro`yxatda turadi. Uylanishga qiz qidiryapti. Shu bilan seni tanishtirsam...

—  Nima? — baqirib yubordim. – Axir men... sizning nikohingizdaman-ku? 

—  Nomiga, jonim. Menam seni birovga berib qo`yadigan ahmoq emasman. Istasang,  javobing o`zing bilan.  Uning puli bor. Rozi bo`lsang, to`y qilib uylanadi. Ham el oldida yuzing yorug` bo`ladi, ham “prapiska”li bo`lasan. To`ydan keyin bir-ikki nag`ma ko`rsatasan, o`zingga yaqinlashtirmaysan. Qarabsanki, janjal chiqadi. Nari-beri qilib, amallab ajrashguningcha menam qishloqi xotinimning javobini beraman. Keyin... keyin ikkalamizning yana boshimiz ochiq, eng dahshati, senda “prapiska” bo`ladi. Shartta to`y qilib, er-xotin bo`lamiz-u hammasini unutamiz! 

Yigitimning aqliga lol qoldim. Bunchalar pishiq reja qachon etildi unda? 

Shundan so`ng u sizga men haqimda gapira boshlagan. Ilm yo`lida turmushga chiqishni ortga surgan, natijada qari qizga aylangan, endi o`zimga mos jufti halol topa olmayotgan ma`suma qiz timsolida ta`riflaydi meni. Gaplashib, uchrashib ko`rishimizni taklif qiladi. Reja bo`yicha men sizning yoshingiz ancha katta ekanligin ro`kach qilib, noz qildim. Ammo yigitim “tasodifan” yo`limdan chiqib qolgan bo`lib, menga sizni ro`baro` qildi. Men yolg`onimizdan, qilayotgan fitnamizdan uyalib erga kirgudek bo`ldim. Bu esa sizga yigitlarga qiyo boqmay, kitobdan bosh ko`tara olmay yurgan qizning ibosidek bo`lib ko`rindi. 

—  Olsam shu qizni olaman, olmasam ham shu qizni olaman. Bu zamonda unaqa uyatchan qizlarni topish qiyin, — debsiz unga  xursand bo`lib. 

Albatta, bu qarordan keyin “ukangiz”ning  o`zi ham picha o`ylanib qoldi. Keyin ishonqiramay dedi:

—  Unga tekkaningdan keyin ajrashmayman, deb turib olmaysanmi?

—  Jinnimisiz? Amaki bo`lib yotibdi-ku! Shuni sizga alishamanmi? — dedim kulib. 

Xullas, rejamiz silliq amalga oshdi. Siz meni uyimizdan qog`ozga o`ralgan oq qanddek pokiza qilib olib chiqdingiz. Risoladagidek sovchilar, tantanali to`y, aqlli-xushli kuyov ota-onamning ham ko`nglini tog`dek ko`tardi, menga “boshlarini erga qaratmaganim” uchun rahmat ham aytishdi. 

—  “O`tirgan qiz o`rnini topar”, — deya maqtashdi amma-xolalarim ham. 

Hamma xursand, hamma shod. Bir men xavotir va qo`rquv ichidaman. Bu yog`iga sizni qanday aldashni, qanday nag`malar ko`rsatishni o`ylayman...

Bu yoqda “ukangiz” tinmay xabar yuboradi: “O`zingga yaqinlashtirma! O`ldiraman! O`zing sharmanda bo`lasan!”

—  Kuyovni ko`rsam mahluqni ko`rgandek bo`lyaman. Yaqinlashib kelaversa, u bilan birga qop-qora narsa ham kelyapti. Voy-dod! — gapim yolg`on bo`lsa-da, rostmana jazavaga tushaman. 

—  Ko`z tekkan! — deydi yangam.

—  Birov bir nima qildimikan? Duo-puo, a? — deydi boshqalar. 

U dedim, bu dedim. Mulla keldi, folbin keldi, otin keldi...

Oxiri yangalar ham uy-uyiga jo`nadi. Bir haftalik “tomosha”lardan keyin siz ham taqdirga tan berdingiz. So`ng oz-moz icha boshladingiz, keyin ko`paydi. O`zingizni bilmaydigan darajada ichib kelgan kuningizning ertasiga malomat qildim:

—  Sizdan buni kutmagandim. Shunaqa ham bo`lasizmi? Asta-sekin sizga o`rgana boshlayotgandim-ku! Majburlamasangiz ham...

—  Nima? Hali... 

Men hiqillab yig`lay boshladim. Siz esa kelib meni quchdingiz:

—  Yig`lamang! Kechiring! Boshqa ichmayman! Og`zimga ham olmayman, o`shani! Nima qilay, biroz siqildim, bu oilam ham buziladimi, deb qo`rqdim. Ichgandan keyin balki alamda... Iltimos, kechiring. Aslida ko`nglingizga qarab ish qilishga ahd qilgandim. Kechiring...

Siz o`ta ishonuvchan edingiz. Ishondingiz menga. Men sizni yana aldashda davom etdim. Yashirincha u  bilan ham gaplashib  turdim. 

—  Qo`lini ham tekkizmasin senga, qara... — derdi u alamiga chidolmay.

Ammo dilimni surishtirmasdi. Siz dilimga tegina boshlagandingiz. Xushxulqligingiz, odobingiz, mehringiz, oilaparvarligingiz tobora meni o`ziga rom etayotgandi. Shundanmi, o`zimni ixtiyoringizga topshirganimni bilmay qolardim...

Osuda, baxtli, to`kis hayotimni ora-sira yigitimdan kelgan xabarlar buzardi:

“Bugun tushlik payti amallab ishdan chiqaman. Kvartiraga kel...”

Men go`yo gul va tikon o`rtasida his qila boshladim o`zimni. Siz yoqimli gul kabi o`zingizga tortardingiz, yigitim esa tikon kabi nashtar sanchardi:

—  Buzuq! Ikkita erkak bilan yashash yoqib qoldimi? Bo`ldi, “propiska”ning harakatini qil. Keyin janjal chiqarasan!

Yana uning so`zlaridan chiqa olmadim. Reja bo`yicha ish qildik. O`ylagan niyatimiz amalga oshgach, men qildan qiyiq axtarishga tushdim. 

—  Boshqa siz bilan yashay olmayman! Sizni yomon ko`raman! — dedim oxirgi janjalimizda. 

Aslida buning aksi edi. Men yolg`on gapirgandim. Nima qilay, shunga majbur edim. Men o`yin o`ynayotgandim va uni yakunlash fursati etgandi...

Ajrashdik...
Sizga og`ir bo`ldi...
Sizdan-da, menga...
Unutolmayapman...

Najot oyi, panoh oyi, maxfirat oyi Ramazon! Meni gunohlarimdan pokla! Qiynoqlardan xalos et! 

Meni kechiring...”

N.USANBOEVA oqqa ko`chirdi

Sharhlar

​QIMMATGA TUShGAN “MUHABBAT”

25.07.2017, 11:04

Biron bir ishni boshlash oson kechmaydi. Nemislarda ham “hamma ishning boshlanishi og`ir” degan maqol bor. Qancha mehnat, mablag` va tinimsiz harakat zarur. Hujjatlarni to`g`rilash, ma`lum...
​Shubhaga ergashib…

11.07.2017, 12:11

Nasiba ko`zini to`yxonaning to`rt tomoniga yugurtirib erini izlay boshladi. Qani u? Topolmagach, o`rnidan turdi-da, butun tashvishlarini unutib sho`x taronaga raqs tushayotganlarni oralab, eshik tomon yurdi....
​Yaproqdagi nur

29.06.2017, 14:11

Qizlar yotoqxonasining yuqori qavatiga ko`tarilayotganimda qattiq hayajonlanib ketdim. Ko`rishmaganimizga ham ancha bo`ldi. Qanday kutib olarkin? Nimadan gap boshlasam ekan? Bu uchrashuvimiz nima bilan tugarkin? Har...
​MEHRIBON

28.06.2017, 15:27

Sobira kalendarga qaradi. O`n ettinchi fevral… Ertaga o`g`li bilan uchrashadi. Ikkilarining ham tug`ilgan kunlari. Yuragini temir qo`llar g`ijimlagandek bo`ldi. Sog`ingan, juda-juda sog`ingan…Uch yil muqaddam…Sobira o`zi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1