Qo`shma Shtatlar Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlar ustidan nazoratni qayta tiklash borasidagi sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlashda davom etadi.
AQSh prezidenti Jo Bayden 30 sentyabr kuni Rossiyaning Ukrainaning bir qismini anneksiya qilishga urinishlariga shunday munosabat bildirdi.
Oq uy tomonidan e`lon qilingan bayonotda Bayden Qo`shma Shtatlar Rossiyaning bugungi kunda suveren Ukraina hududini anneksiya qilishga qaratilgan firibgarlik harakatini qoralashini ta`kidladi.
"Rossiya xalqaro huquqni buzadi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomini buzadi va hamma joyda tinch-totuv xalqlarni mensimasligini namoyish etadi. Xato qilmang: bu harakatlarda qonuniylik yo`q. Qo`shma Shtatlar Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralarini doimo hurmat qiladi. Biz Ukrainaning sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlashda davom etamiz. Harbiy va diplomatik mavqeini mustahkamlash, shu jumladan Qo`shma Shtatlar shu hafta e`lon qilgan qo`shimcha 1,1 milliard dollarlik xavfsizlik yordami orqali Ukraina o`z hududi ustidan nazoratni tiklash uchun yordam qilamiz", - dedi Jo Bayden.
Uning ta`kidlashicha, anneksiyaga urinishlarga javoban Qo`shma Shtatlar ittifoqchi va hamkorlar bilan birgalikda bugun yangi sanksiyalarni e`lon qilmoqda.
"Bu sanksiyalar Ukraina hududi maqomini o`zgartirishga qaratilgan noqonuniy urinishlarni siyosiy yoki iqtisodiy qo`llab-quvvatlovchi Rossiyaning ichida va tashqarisida jismoniy va yuridik shaxslar uchun xarajatlarga olib keladi. Biz xalqaro hamjamiyatni bu harakatlarni qoralash va Rossiyani javobgarlikka tortish uchun yig`amiz.
Biz Rossiyaning qo`shni davlat chegaralarini o`zgartirishga dadil urinishlariga qaramay, Ukrainaga o`zini himoya qilish uchun zarur bo`lgan jihozlarni etkazib berishda davom etamiz. Va men Kongress Ukrainani qo`llab-quvvatlash uchun qo`shimcha 12 milliard dollar ajratadigan qonunni imzolashini intiqlik bilan kutaman”, dedi Bayden.U xalqaro hamjamiyatning barcha a`zolarini Rossiyaning noqonuniy anneksiya qilish urinishlarini rad etishga va zarur bo`lgan vaqt davomida Ukraina xalqini qo`llab-quvvatlashga chaqirdi.
Eslatib o`tamiz, 30 sentyabr kuni prezident Vladimir Zelenskiy Ukraina Shimoliy Atlantika alyansiga tezlashtirilgan kirish to`g`risidagi arizani imzolaganini ma`lum qilgan edi.