Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati departamenti Armaniston tashqi ishlar vazirligining harbiy jinoyatlar bilan bog`liq bayonotiga izoh berdi. Bu haqda "azertag.az"da xabar berildi.
“Armaniston TIVning 2022 yil 2 oktyabrdagi bayonotida, harbiy jinoyatlar Qurolli Kuchlar tomonidan sodir etilgani aytiladi.
Armanistondan farqli o`laroq, Ozarbayjon o`zining xalqaro majburiyatlariga jiddiy yondashayotganini, harbiy amaliyotlar chog`ida sodir etilgan jinoyatlar bilan bog`liq da`volar tegishli davlat tuzilmalari tomonidan tekshirilayotganini ta`kidlaymiz.
2022 yil 17 sentyabrda Ozarbayjon Respublikasi Harbiy prokuraturasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarning haqiqiyligini, shuningdek, video suratga olingan vaqt va joyni aniqlash bo`yicha keng qamrovli tekshiruvlar boshlanganini ma`lum qildi.
Eslatib o`tamiz, Birinchi Qorabog` urushidan beri Armaniston qurolli kuchlari nafaqat ozarbayjonlik harbiy xizmatchilar, balki tinch aholiga nisbatan ham misli ko`rilmagan qirg`in uyushtirdi, 4000 ga yaqin ozarbayjonlik taqdiri haqida hech qanday ma`lumot berilmagan.
2020 yil oktyabr oyida Ozarbayjonning Ganja, Barda va Mingachevir shaharlarining tinch aholisi raketa hujumlariga uchragan holda insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etildi.
Bugun Armaniston tomonidan yotqizilgan minalar mintaqa aholisi hayotiga jiddiy tahdid solmoqda. 2020 yilning noyabr oyidan hozirgi kunga qadar 250 ga yaqin odam mina qurboni bo`ldi, asosan tinch aholi vakillari. Ozarbayjon hududidan topilgan minalarning 2021 yilda Armanistonda ishlab chiqarilgani Armanistonning ozarbayjonlarga qarshi urush jinoyatlarini davom ettirayotgani, haligacha minalangan maydonlar xaritalarini Ozarbayjonga bermay, boshqa tomondan yangi minalarni ko`mib borayotganining dalilidir.
Armaniston hukumati hozirgacha sodir etilgan harbiy jinoyatlarning oldini olish yoki sodir etilgan jinoyatlar uchun tegishli shaxslarni javobgarlikka tortish bo`yicha amaliy choralar ko`rmadi.
Armanistonning xalqaro hamjamiyatni chalg`itishga va asossiz ayblovlarni tarqatish orqali o`z mas`uliyatini yashirishga urinishlarini keskin qoralaymiz. Biz Armanistondan xalqaro majburiyatlarini bajarishini va ko`plab harbiy jinoyatlar uchun aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qilamiz”, deyiladi rasmiy bayonotda.