Bugun, 11 oktyabr kuni soat 05:45 da A-373 “Toshkent-O`sh” xalqaro avtomobil yo`lining “Qamchiq” dovoni qismida “Vodiy-Toshkent” yo`nalishida harakatlanib ketayotgan “VOLVO” rusumli yuk mashinasi haydovchisi kutilmaganda boshqaruvni yo`qotib, qarama-qarshi yo`nalishga chiqib ketgan va 5 tonnalik hamda 8 tonnalik “ISUZU” yuk mashinalari bilan to`qnashgan. Yo`l-transport hodissasi oqibatida 8 tonnalik “ISUZU” yuk mashinasida yong`in kelib chiqqan. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar bermoqda
Voqea joyiga FVVining "Qamchiq" Maxsus qidiruv, yong`in-qutqaruv boshqarmasi qutqaruvchilari va YPX xodimlari etib borgan. Qutqaruvchilar maxsus asbob-anjomlar va texnikalar yordamida yonayotgan mashinani soat 06:07 da o`chirishgan. Shuningdek, hodisa oqibatlarini bartaraf etishga Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimiga kiruvchi tashkilotlar kuch-vositalari ham jalb etilgan.
Qutqaruvchilar tomonidan voqea joyida jabrlangan 3 nafar yuk mashinalari haydovchilariga birinchi tibbiy yordam ko`rsatilib, malakali tibbiy yordam ko`rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan. Hodisa oqibatida xalok bo`lganlar yo`q.