1

Fazliddin G`oibnazarov: “Quvonch yoshlarimni yashirgim kelmadi”

Jamiyat 23.08.2016, 15:40
Teglar: Sport, Rio–2016
Fazliddin G`oibnazarov: “Quvonch yoshlarimni yashirgim kelmadi”

Rio-de-Janeyro shahrida o`tgan XXXI yozgi Olimpiya o`yinlarining oltin medali sohibi Fazliddin G`oibnazarov onasi bilan suhbatda g`alabadan keyingi his-hayajonlari, taassurotlarini aytib o`tdi. 

– O`g`limizning Olimpiya o`yinlaridagi kongolik bokschi Malonga Dzalamou bilan dastlabki jangini faqat oilamiz tomosha qilgan edik, – deydi Fazliddinning otasi Hasanboy aka. – O`yindan o`yinga uyimizga keluvchilar safi kengayib bordi. Final kechasi, ishonasizmi, butun Bekobod shahri biznikiga yig`ildi-yov. Chinakam bayram bo`ldi. Oilamizdagilarning telefoni jiringlayverib qizib ketdi. “SMS”larni-ku o`qib ulgurmadik. Mana, qarang. To`g`risi, ularning aksariyatini tanimayman. 

G`oibnazarovlar xonadonida tunda boshlangan o`yin-kulgu tongga borib haqiqiy bayramga aylandi. Karnay-surnay sadolari ostida odamlar bir-birini eshitmasa-da, yuz-ko`zlarida zafar nashidasi ufurib turganidan tabriklayotgani seziladi. XXXI yozgi Olimpiya o`yinlaridagi O`zbekiston sportchilarining g`alabalari haqida bir-biriga navbat bermay gapiradi, yoshlar qo`llarini baland ko`tarib: “Biz hech kimdan kam emasmiz”!, “Balli, Fazliddin!”, deb hayqiradi.

– Fazliddinim bilan erta tongda telefonda gaplashdim, – deydi chempionning onasi Malohat opa. – Bolaginamning ko`ngli bo`sh-da, o`zi. G`alabadan keyin qanday yig`laganini barcha ko`rdi. Nega bunday qilding, bolam, desam, “Quvonch yoshlarini yashirma, xalqning ishonchini oqlash, Prezidentimiz yaratib berayotgan sharoit va imkoniyatlarga munosib bo`lish eng ulug` baxt. Agar shunday qilsang, yig`la, haqqing bor!” deb o`zingiz aytgansiz-ku, ona, desa bo`ladimi. Men ham qo`shilib yig`ladim. Bizga shunday xursandchilikdan yig`lash, farzandlarimizning ilgari tasavvur ham qilib bo`lmaydigan yutuqlarga erishish baxtini mustaqillik berdi. Davlatimiz rahbari rahnamoligida yoshlarga ko`rsatilayotgan otalarcha g`amxo`rlik samarasi bu. 

Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi I.Ergashxo`jaev viloyat faollari hamrohligida xonadon sohiblarini ushbu ulkan g`alaba bilan qutladi. Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida sport, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e`tibor tufayli shaharu qishloqlarimizda zamonaviy jihozlangan muhtasham sport majmualari qad rostlayotgani, ularda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar samarasi ekani alohida ta`kidlandi. 

Mustaqillik tengdoshi bo`lgan Fazliddin 12 yoshidan boshlab Bekobod shahridagi “Yoshlik” sport klubida murabbiy Abror Tursunpo`latov rahbarligida boks sirlarini o`rgandi. Dastlab shahar va viloyat birinchiliklarida ilk g`alabalar nashidasini totgan bo`lajak Olimpiada chempioni keyinchalik mamlakat va xalqaro miqyosdagi turli musobaqalarda muvaffaqiyatga erishdi. 2007 yili Ozarbayjonda o`tkazilgan o`smirlar o`rtasidagi jahon chempionatida sovrindorlar qatoridan joy olgani uning dastlabki yirik g`alabasi bo`ldi. Shundan so`ng Rossiyaning Qozon shahrida o`tkazilgan yozgi Universiada, shuningdek, Osiyo chempionati, jahon chempionati kabi yirik musobaqalarda muntazam sovrindorlar qatorida bo`ldi. London olimpiadasida chorak finalgacha borgan Fazliddin keyingi Olimpiadada albatta g`olib bo`lishga ahd qildi. Bu yil u o`z so`zining ustidan chiqdi – Olimpiada chempioni, degan yuksak sharafga sazovor bo`ldi. 

Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida bo`lgani kabi Bekobod shahrida ham “Go`zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O`zbekistonim!” shoiri ostida turli tadbirlar o`tkazilmoqda. Ularda kuni kecha nihoyasiga etgan yozgi Olimpiya o`yinlari va unda O`zbekiston yoshlari ko`rsatgan yuksak natijalar jahon ahlini hayratga solayotgani haqida to`lqinlanib so`zlashmoqda. Bu yoshlarimizning eng ulug`, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligiga munosib tuhfasi bo`lgani ta`kidlanmoqda

Sharhlar

Mashhur sport sharhlovchisi Vladimir Safarov vafot etdi

14.07.2021, 17:37

O`zbek futbolining jonkuyar tarixchisi, mashhur sport jurnalisti Vladimir Ashotovich Safarov bugun, 14 iyul kuni 82 yoshida vafot etdi. Vladimir Safarov 1939 yilning 17 yanvarida Toshkent shahrida...
Nigina O`ktamovaga "Nexia 3" avtomobili sovg`a qilindi. U boks bo`yicha jahon chempionligiga erishgan ilk o`zbek qizi

26.04.2021, 17:54

Avvalroq, Polsha mezbonlik qilgan yoshlar o`rtasidagi jahon chempionatida -54 kg vaznli bokschi qizimiz Nigina O`ktamova barcha raqibalarini mag`lubiyatga uchratgan holda, oltin medalga sazovor bo`lib va...
Germaniyaning nufuzli sport saytida o`zbek tadqiqotchisi haqida maqola chop etildi

27.02.2021, 22:07

Germaniyaning nufuzli sport sayti O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining engil atletika ixtisosligi o`qituvchisi va murabbiyi, mustaqil tadqiqotchi Rashid Burnashev haqida maqola chop etdi....
Toshkentda dzyudo bo`yicha xalqaro qo`shma o`quv-mashg`ulot yig`ini o`tkaziladi

04.11.2020, 11:35

4-24 noyabr kunlari poytaxtimizda dzyudo bo`yicha beshta davlat terma jamoalari ishtirokida xalqaro qo`shma o`quv-mashg`ulot yig`ini o`tkaziladi. Ushbu yig`inda yurtimiz dzyudochilari bilan birga Gruziya, Fransiya, Qirg`iziston...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1